Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Barqaror rivojlanish markazi hamkorligidagi «Maqsad» loyihasining bu galgi sonida ekologik muammolarning ommaviy axborot vositalarida (OAV) yoritilishi mavzusiga toʻxtaldik. «Barqaror rivojlanish maqsadlari» oyligi doirasida tashkil etilgan suhbatimizda filologiya fanlari doktori, professor, «Ekolog» jamoat birlashmasi rahbari hamda «ekologuz» Telegram kanali va platformasi asoschisi, ekojurnalist Nargis Qosimova mehmon boʻldi.
— Bugun ekologik muammolar koʻlami kengayib borayotgan bir paytda ekologik jurnalistikaning jamiyatdagi oʻrni qanday boʻlishi kerak, uning asosiy vazifasi nimadan iborat?
— Jamiyat uchun ekojurnalistika juda muhim. Chunki qanday ekologik muammolar mavjud, ular nimasi bilan xavfli, ularga qanday yechim topish kerak — mana shu kabi savollarga javob topishda ekologik jurnalistika muhim oʻrin tutadi. Yurtimizda 20 dan ortiq jurnalistika fakulteti bor. Afsuski, jurnalistika yoʻnalishidagi barcha oliy taʼlim muassasalari va fakultetlarda ekojurnalistika yoʻnalishi mavjud emas. U faqat Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetiga kiritilgan, xolos.
Bu qanday oqibatlarga olib keladi? Ertaga jurnalist biror joyda daraxt kesilayotgani, suv ifloslantirilayotgani yoki biror hayvon qiynoqqa solinayotgani haqida material tayyorlashi kerak boʻlsa, u ekologik muammoni tushunmay turib material tayyorlaydi. Lekin bu materialning sifati qay darajada boʻladi — bu ikkinchi masala boʻlib qoladi. Afsuski, mana shunday yuzaki, chuqur tahlil qilinmagan ekomateriallar koʻpayib ketyapti.
— Yurtimizda ekologik mavzularning OAVda yoritilish holati qay darajada?
— Ekologik mavzularning yoritilishini oʻn ballik tizimda baholaydigan boʻlsak, men uch ball qoʻygan boʻlardim. Chunki ekojurnalist sifatida fikrimcha, har qanday ekologik material aholining, oʻquvchining ongini oʻzgartirishi kerak.
— Mamlakatimizda qaysi ekologik muammolar OAVda yetarlicha yoritilmayapti? Ekologik muammolarni yoritishda OAV koʻproq muammoni koʻrsatishi kerakmi yoki yechimlarni?
— Soʻnggi paytlarda global iqlim oʻzgarishi muammosi juda koʻp koʻtarilyapti. Lekin koʻpchilik global iqlim oʻzgarishi nimaligini, uning oqibatlarini tushunmaydi, mohiyatini chuqur anglab yetmayapti. Yoki iqlim migratsiyasi degan tushuncha paydo boʻldi. Bular borasida yetarlicha tahlillar yoʻq.
Jurnalist muammoni koʻtarib chiqadi, u xalq bilan hukumat oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtaydi. Muammolarni koʻtarib chiqish bilan birga, uning yechimini ham, albatta, berishi kerak. Faqat bunda yechimni jurnalistlarning oʻzi emas, soha boʻyicha mutaxassis, ekolog berishi kerak, deb oʻylayman. Shunda hozirgi mavjud ekologik muammolarning koʻpchiligi bartaraf etilgan boʻlar edi.
Ekojurnalist bilan suhbatimiz davomida ekologik muammolarni yoritishda jurnalistlar qanday qiyinchiliklarga duch kelayotgani, ekologik feyklarni aniqlash, faktcheking qilish, aholining ekologik ongini shakllantirishda OAVning qaysi formatlari eng samarali ekani, ekologik jurnalistikani rivojlantirish uchun nimalar qilish kerakligi kabi koʻplab dolzarb masalalar xususida soʻz bordi.
Batafsil: https://uza.uz/posts/897168
Muhtarama Komilova,
Oybek Davronov, Anvar Ahmedov (video),
O‘zA