Barqaror rivojlanish markazi 

test_mode
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Oʻqituvchi — islohotlarni harakatga keltiruvchi kuch

15-07-2026 414

    Bugun davlatlarning qudrati yer osti boyliklari yoki zamonaviy texnologiyalar bilan emas, avvalo inson kapitali — uning bilim darajasi, kasbiy mahorati, yangilik yarata olish salohiyati va oʻzgarishlarga tez moslasha olishi bilan belgilanmoqda. Shu bois taʼlim tizimi endilikda shunchaki ijtimoiy soha emas, balki mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti, milliy xavfsizligi va xalqaro raqobatbardoshligini taʼminlaydigan strategik omilga aylandi.

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Barqaror rivojlanish maqsadlarida sifatli va inklyuziv taʼlimni taʼminlash hamda "Lifelong learning" — yaʼni umr boʻyi uzluksiz oʻrganish tamoyilini qaror toptirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangani ham bejiz emas. Dunyoning koʻplab mamlakatlari uchun bu shunchaki deklaratsiya emas, balki davlat taraqqiyotining kundalik dasturiga aylangan.

    Oʻzbekiston ham mazkur yoʻnalishda izchil islohotlarni amalga oshirmoqda. Xususan, "Oʻzbekiston — 2030" strategiyasi va BMT bilan hamkorlik dasturida taʼlim sohasi inson kapitalini shakllantiruvchi omil, "bilimlar iqtisodiyoti"ning mustahkam poydevori sifatida eʼtirof etilgan.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼlimga yoʻnaltirilgan har qanday sarmoya mamlakat kelajagiga kiritilgan eng ishonchli investitsiya ekanini koʻp bor taʼkidlagan. YUNESKOning Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berishga bagʻishlangan Butunjahon konferensiyasida davlat rahbari maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyachilari, maktab oʻqituvchilari, oliy taʼlim tizimidagi professor-oʻqituvchilar hamda ilm-fan namoyandalarini Yangi Renessansning toʻrt uzviy halqasi sifatida taʼrifladi. Bu yondashuv mamlakat taraqqiyotining intellektual asosini aynan taʼlim va ilm-fan vakillari yaratishini yana bir bor tasdiqlaydi.

    Darhaqiqat, har qanday islohotning haqiqiy qiymati qabul qilingan qarorlar yoki dasturlar soni bilan emas, balki ularni hayotga tatbiq etayotgan pedagoglarning kasbiy mahorati, fidoyiligi va tashabbuskorligi bilan oʻlchanadi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimiz taʼlim tizimida salmoqli sifat oʻzgarishlari yuz berdi. Umumtaʼlim maktablari soni 10 mingdan oshdi, oliy taʼlim muassasalari tarmogʻi kengaydi, taʼlimni raqamlashtirish, inklyuziv muhitni rivojlantirish va davlat taʼlim standartlarini yangilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

    Ayniqsa, maktabgacha taʼlim sohasida erishilgan natijalar diqqatga sazovor. Agar 2016-yilda bolalarning maktabga tayyorlov bilan qamrovi 28 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yilga kelib bu koʻrsatkich 84 foizga yetdi. Uch yoshdan olti yoshgacha boʻlgan bolalarning bogʻchalarga qamrovi esa 20 foizdan 69 foizgacha oshdi. Bu jahondagi eng yuqori oʻsish surʼatlaridan biri sifatida eʼtirof etildi. Bugun respublikada oʻn mingdan ziyod maktab, minglab davlat, nodavlat va oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Ularda 2,4 milliondan ortiq bolalar tarbiyalanmoqda. Ushbu tizimli oʻzgarishlar YUNESKO tomonidan ham keng qamrovli va izchil islohotlarning muvaffaqiyatli namunasi sifatida yuqori baholandi.

    Biroq jahon tajribasi yana bir muhim haqiqatni koʻrsatadi. Yangi maktab binolari qurish, sinfxonalarni eng zamonaviy texnika bilan jihozlash yoki ilgʻor oʻquv dasturlarini joriy etishning oʻzi taʼlim sifati kafolati emas. Agar taʼlim jarayonining bosh ishtirokchisi — oʻqituvchi eʼtibordan chetda qolsa, har qanday islohot kutilgan samarani bermaydi.

    Chunki eng zamonaviy texnologiya ham bolaning qalbiga yoʻl topa oladigan, unda bilim olishga intilish, mustaqil fikrlash va hayotiy masʼuliyat tuygʻusini shakllantira oladigan pedagogning oʻrnini bosa olmaydi.

    Finlyandiya, Singapur, Estoniya, Janubiy Koreya va Kanada taʼlim sohasida yuqori natijalarga turli modellar orqali erishgan. Ular milliy anʼanalari va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda oʻz taʼlim tizimini shakllantirgan. Biroq ularning barchasini birlashtiruvchi umumiy qoida bor: taʼlim sifati, avvalo, oʻqituvchi sifati bilan belgilanadi.

    Finlyandiyada oʻqituvchilik eng nufuzli kasblardan biri hisoblanadi. Davlat ortiqcha nazorat va qogʻozbozlikdan voz kechib, pedagoglarga keng akademik erkinlik bergan. Oʻqituvchi dars metodikasini mustaqil tanlaydi, ilmiy izlanish olib boradi, oʻz malakasini muntazam oshiradi va oʻquvchilarining taʼlim natijalari uchun shaxsan masʼul boʻladi.

    Singapurda esa oʻqituvchining uzluksiz kasbiy rivojlanishi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishidir. Bu yerda har bir pedagog har yili malaka oshiradi. Biroq bu jarayon rasmiy sertifikat olish uchun emas, balki har bir mutaxassisning individual rivojlanish trayektoriyasi asosida tashkil etiladi.

    Estoniya raqamli taʼlimda jahon yetakchilaridan biri hisoblanadi. Bu mamlakat islohotlarni kompyuter xarid qilishdan emas, balki oʻqituvchilarning raqamli savodxonligini oshirishdan boshlagan. Natijada texnologiya maqsad emas, balki taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiluvchi samarali vositaga aylangan.

    Bu tajribalar Oʻzbekiston uchun ham muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizda raqamli texnologiyalar joriy etilmoqda, taʼlim tizimiga yondashuv oʻzgarmoqda, xalqaro hamkorlik kengaymoqda. Ammo islohotlarning muvaffaqiyati yangi loyihalar soni bilan emas, balki oʻqituvchining oʻzini qanchalik erkin va kasbiy jihatdan yetuk his qilishi bilan belgilanadi.

    Zero, bugungi pedagogga qoʻyilayotgan talablar mutlaqo yangicha. U raqamli texnologiyalarni puxta bilishi, oʻquvchilarning qabul qilish darajasi asosida ishlay olishi, inklyuziv taʼlim muhitida samarali faoliyat yuritishi, oʻquvchilarda tanqidiy fikrlash, funksional savodxonlik va XXI asr koʻnikmalarini shakllantirishi lozim.

    Biroq muhim savol tugʻiladi: mavjud tizim oʻqituvchini bu oʻzgarishlarga yetarlicha tayyorlayaptimi?

    Ana shu nuqtada bugungi taʼlim islohotlarining asosiy ichki ziddiyati namoyon boʻladi. Bir tomondan, pedagog kadrning sifati bilan bogʻliq talablar oshmoqda. Ikkinchi tomondan esa maʼmuriy ishlar hali ham uning vaqti va kuchini sezilarli darajada band qilmoqda. Oʻqituvchilarni kasbiy faoliyatiga daxlsiz ishlardan ozod etish boʻyicha amaliy choralar koʻrilayotganiga qaramasdan, ayrim taʼlim muassasalarida bu muammo toʻliq bartaraf etilgani yoʻq.

    Natijada paradoks yuzaga keladi. Pedagogdan ijodkorlik, har bir oʻquvchiga individual yondashuv va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish talab qilinadi. Ammo uning eng qimmatli resursi — darsga puxta tayyorlanish uchun zarur vaqt yetishmaydi. Xalqaro tadqiqotlar ham shuni tasdiqlaydiki, oʻqituvchi oʻquvchilar bilan ishlash oʻrniga qogʻozbozlik bilan mashgʻul boʻlsa, taʼlim sifati muqarrar ravishda pasayadi.

    Bugungi maktab nafaqat darsliklar, balki internet, sunʼiy intellekt va cheksiz axborot oqimi bilan raqobat qilmoqda. Shuning uchun ham oʻqituvchining vazifasi oʻzgardi. Endi u axborotni yetkazuvchi emas, balki oʻquv jarayonining tashkilotchisi hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi bolani mustaqil bilim olishga, tahlil qilishga, tanqidiy fikrlashga va jamoada samarali hamkorlik qilishga oʻrgatishdir.

    Bu jarayonda oʻqituvchiga qanday yordam berish mumkin?

    Albatta, zamonaviy va uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimi orqali.

    Bugun dunyoda rasmiyatchilikka aylangan malaka oshirish kurslari oʻrnini mentorlik, muloqot guruhlari, ilgʻor tajriba almashish va shaxsiy rivojlanish dasturlari egallamoqda. Yosh mutaxassislarni ustozlarga biriktirish, pedagoglarning bir-biridan oʻrganishi va uzluksiz kasbiy oʻsish muhitini yaratish taʼlim tizimining ajralmas qismiga aylanmoqda. Ana shundagina malaka oshirish haqiqiy maʼnoda malakani oshirish vositasiga aylanadi.

    Yaqin kelajakda taʼlim islohotlarining yangi bosqichi sunʼiy intellektni taʼlim jarayoniga samarali integratsiya qilish bilan bogʻliq boʻladi. Jahon amaliyotida sunʼiy intellekt allaqachon oʻqituvchining ishonchli yordamchisiga aylandi. U dars rejalarini tayyorlash, testlarni avtomatik baholash, oʻquvchilarning oʻzlashtirish darajasini tahlil qilish kabi koʻplab vazifalarni yengillashtirmoqda. Biroq hech qanday texnologiya pedagogning mehri, hayotiy tajribasi, intuitsiyasi va insonga xos samimiy muloqotining oʻrnini bosa olmaydi. Shuning uchun ham bugun oldimizda turgan ulkan vazifa texnologiyani oʻqituvchiga raqib emas, balki pedagogning imkoniyatlarini kengaytiruvchi vosita sifatida joriy etishdan iborat.

    "Oʻzbekiston — 2030" strategiyasi va ilgʻor xalqaro tajriba tahlili kelgusi bosqichda quyidagi ustuvor vazifalarga alohida eʼtibor qaratish zarurligini koʻrsatadi.

    Avvalo, pedagog mehnatini baholash mezonlari tubdan yangilanishi kerak. Oʻqituvchi hisobotlar soniga qarab emas, balki oʻquvchilarning bilim sifati, rivojlanishi va taʼlim natijalari asosida baholanishi lozim.

    Ikkinchidan, pedagoglarni barcha ortiqcha maʼmuriy vazifalar va qogʻozbozlikdan toʻliq xalos etish zarur. Oʻqituvchining asosiy ishi — dars berishdir.

    Uchinchidan, malaka oshirish tizimi har bir pedagogning ehtiyojiga mos, manzilli va uzluksiz shaklda tashkil etilishi kerak. Bunda raqamli pedagogika, inklyuziv taʼlim va XXI asr kompetensiyalarini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilishi lozim.

    Shu bilan birga, taʼlim siyosati ishlab chiqilayotganda amaliyotchi oʻqituvchilarning fikri hal qiluvchi oʻrin tutishi shart. Chunki eng samarali gʻoyalar vazirlik yoki idoralar xonalarida emas, balki har kuni sinfxonada bolalar bilan yuzma-yuz ishlayotgan fidoyi pedagoglar tajribasida tugʻiladi.

    Zero, har qanday islohotning haqiqiy muallifi ham, uning asosiy harakatlantiruvchi kuchi ham — oʻqituvchidir.

    Muslim Ergashbayev,

    Barqaror rivojlanish markazi (SD Center) eksperti


Asl manbadan o'qish uchun shu yerga bosing.