Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

“Raqamlar ortidagi inson taqdiri”: O‘zbekistonning barqaror rivojlanish yo‘li

11-08-2026 1243

    «Raqamlar ortidagi inson taqdiri»: Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish yoʻli

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Barqaror rivojlanish maqsadlari (#BRM) oyligiga rasman start beruvchi «Barqaror rivojlanish maqsadlari: milliy taraqqiyotning yangi bosqichi» mavzusida respublika konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Mazkur oylikning ahamiyati qanday? Bu haqda Barqaror rivojlanish markazi direktori Elyorjon Saminov bilan suhbatlashdik.

    — Kuni kecha Oʻzbekistonda «Yangi Oʻzbekiston: islohotlar natijasi — barqaror rivojlanish kafolati!» shiori ostida Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligiga rasman start berildi. Avvalo, ushbu oylikdan qanday natijalar kutilmoqda? U mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga oid natijalarni sarhisob qilish, mavjud muammolarga yechim topish va kelgusi ustuvor vazifalarni belgilashda qanday ahamiyat kasb etadi?

    — Darhaqiqat, mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida muhim yangi tashabbus — Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligiga rasman start berildi. Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur oylik, avvalo, bosib oʻtilgan yoʻlga nazar tashlab, erishilgan natijalarni sarhisob qilish, mavjud muammolarga yechim izlash va kelgusi vazifalarni belgilash uchun muhim muloqot maydoni boʻlib xizmat qiladi.

    Ayni paytda, bu oylikni shunchaki tadbirlar majmui sifatida qabul qilish toʻgʻri emas. Uning zamirida bir maqsad — barqaror rivojlanish gʻoyasini jamiyat hayotining ajralmas qismiga aylantirish maqsadi mujassam. Shu bois jarayonga davlat organlari va parlament bilan bir qatorda mahalliy hokimliklar, fuqarolik jamiyati institutlari, xususiy sektor, ilmiy doiralar, yoshlar va keng jamoatchilikni faol jalb etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Oylik doirasida 60 dan ortiq xalqaro konferensiyalar, davra suhbatlari, targʻibot tadbirlari va sohaga oid podkastlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ularning har biri yangi gʻoyalar tugʻiladigan, tajriba almashiladigan va amaliy takliflar shakllanadigan ochiq muloqot maydoniga aylanishi koʻzda tutilmoqda.

    Eng muhimi, bu tadbirlarning markazida raqamlar emas, inson va uning farovon hayoti turibdi. Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi erishilgan natijalarni sarhisob qilish bilan birga, inson qadrini yanada yuksaltirish, bugungi islohotlarni ertangi avlod farovonligi bilan bogʻlash va barqaror kelajak uchun umumiy masʼuliyatni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbusdir.

    — 2030-yilgacha belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun vaqt tobora qisqarmoqda. Dunyo mamlakatlari bu maqsadlarga erishish yoʻlida hozir qay darajada va eng katta xavf nimada — maqsadlarga erisha olmaslikdami yoki mamlakatlar oʻrtasidagi tafovutning yanada chuqurlashishidami?

    — 2030-yilga tobora yaqinlashayotganimiz sari Barqaror rivojlanish maqsadlarining dunyodagi bugungi holati yanada jiddiy oʻylanishga undamoqda. Bu yerda gap faqat belgilangan muddatgacha barcha maqsadlarga erisha olmaslik haqida emas. Eng katta xavf — mamlakatlar va mintaqalar taraqqiyotning turli surʼatlarida harakatlanayotgani, natijada dunyodagi rivojlanish tafovuti tobora chuqurlashib borayotganidir.

    Sustainable Development Report 2026 hisobotiga koʻra, global miqyosda tahlil qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarining atigi 16,5 foizi 2030-yilgacha erishish yoʻlida bormoqda. Demak, hozirgi surʼat saqlanib qolsa, maqsadlarning beshdan bir qismiga ham yetmagan qismi belgilangan muddatda amalga oshishi mumkin. Ayniqsa, ochlikni bartaraf etish va barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, tinchlik, adolat va samarali institutlarni taʼminlash borasida orqada qolish sezilarli.

    Biroq dunyo manzarasiga faqat umumiy raqamlar orqali baho berish yetarli emas. Chunki mamlakatlarning boshlangʻich imkoniyatlari, iqtisodiy salohiyati va taraqqiyot surʼatlari bir-biridan keskin farq qiladi. Yuqori daromadli va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga aʼzo mamlakatlar 2015-yildayoq Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha ancha yuqori koʻrsatkichlarga ega edi. Shu sababli keyingi yillarda ularning oʻsish surʼati nisbatan sekinlashgan.

    Aksincha, Sharqiy va Janubiy Osiyo, BRICS+ hamda quyi-oʻrta daromadli mamlakatlar pastroq nuqtadan yoʻlga chiqqan boʻlsa-da, tezroq surʼatda oldinga siljimoqda. Hisobotda Sharqiy va Janubiy Osiyo 2015-yildan buyon Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha eng tez taraqqiy etgan mintaqa sifatida qayd etilgan. Bu esa taraqqiyotning yagona modeli yoʻqligini, ammo toʻgʻri siyosat, investitsiya va hamkorlik orqali qisqa vaqtda sezilarli natijalarga erishish mumkinligini koʻrsatadi.

    Eng tashvishli holat esa past daromadli mamlakatlar misolida namoyon boʻlmoqda. Ular 2015-yildayoq eng past koʻrsatkichlardan boshlagan. Biroq shunga qaramay, ularning taraqqiyot surʼati iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib kutilgan darajadan ham sekin kechmoqda. Hisobotda bu holat «sekin konvergensiya», yaʼni mamlakatlar oʻrtasidagi rivojlanish tafovuti yetarlicha tez qisqarmayotgani sifatida baholanadi.

    Shu bois masalaga «kimdir maqsadlarga erishadi, kimdir erisha olmaydi» degan oddiy yondashuv bilan qarab boʻlmaydi. Zero, barqaror rivojlanish bir mamlakatning alohida muvaffaqiyati emas, balki butun insoniyatning umumiy taqdirini belgilaydigan jarayondir. Hatto yuqori daromadli davlatlar Barqaror rivojlanish maqsadlarida yuqori natijalarga ega boʻlsa-da, ularning ishlab chiqarish, savdo va isteʼmol modellari boshqa mamlakatlarga ekologik va ijtimoiy salbiy taʼsirlarni ham yuzaga keltirishi mumkin.

    Shu nuqtayi nazardan, 2030-yil ostonasida dunyo oldida turgan eng katta xavf «ikki xil tezlikdagi taraqqiyot»ning shakllanishidir. Bir tomonda moliyaviy imkoniyatlari, texnologiyalari va investitsiya resurslari keng boʻlgan davlatlar, ikkinchi tomonda esa oʻz taraqqiyoti uchun hali katta moliyaviy va texnologik koʻmakka muhtoj mamlakatlar turibdi. Agar ushbu tafovutni qisqartirishga erishilmasa, bir mamlakatdagi yutuqlar global barqarorlikni taʼminlash uchun yetarli boʻlmaydi.

    Shuning uchun bugungi vazifa urush va nizolarni bartaraf etib, tinchlikni taʼminlash, uzoq muddatli investitsiyalarni koʻpaytirish, mintaqaviy va mahalliy hamkorlikni kuchaytirish, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, ilm-fan, innovatsiyalar va ishonchli maʼlumotlardan samarali foydalanishdir.

    Zero, 2030-yilgacha qolgan vaqt — shunchaki taqvimda kamayib borayotgan yillar emas. Bu butun dunyo uchun hal qiluvchi davr. Barqaror rivojlanishning haqiqiy mezoni eng rivojlangan davlatlar qanchalik tez oldinga borayotgani bilangina emas, balki bugun imkoniyatlari cheklangan mamlakatlar, hududlar va millionlab insonlarning ertangi kunga qanchalik yaqinlashayotgani bilan ham oʻlchanadi.

    Barqaror taraqqiyot — bu bugungi avlod ehtiyojlarini qondirish bilan cheklanmay, ertangi avlodga ham farovon hayot, sogʻlom muhit va munosib imkoniyatlar qoldirish masʼuliyatidir.

    — Oʻzbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasida dunyo mamlakatlari orasida qanday natijalarni qayd etmoqda?

    — Bugun Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasidagi natijalarini baholar ekanmiz, bir haqiqatni alohida taʼkidlash lozim: barqaror rivojlanish — bu faqat reytinglar, raqamlar yoki statistik koʻrsatkichlar emas. Uning zamirida inson, uning hayoti, taqdiri, orzu-umidlari va ertangi kuniga boʻlgan ishonchi mujassam.

    Bu yondashuv xalqaro reytinglarda ham oʻz ifodasini topmoqda. Sustainable Development Report 2026 hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston 169 ta davlat orasida 72,9 ball bilan 65-oʻrinni egalladi. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, kambagʻallikni qisqartirish, raqamlashtirish, infratuzilma va ijtimoiy himoya sohalaridagi natijalar ushbu ijobiy dinamikaning muhim omillaridir.

    Bu raqamlarning har biri ortida inson taqdiri bor. Masalan, taʼlim qamrovining yuqoriligi — bu shunchaki foiz emas, balki maktabga borayotgan bolaning kelajakka ochilayotgan yoʻli. Kambagʻallik koʻrsatkichining yaxshilanishi — bu statistika emas, balki oila dasturxonidagi baraka, farzandning toʻyib ovqatlanishi, ota-onaning ertangi kunga ishonchi. Elektron hukumatning rivojlanishi esa oddiy raqam emas, bu fuqaroning davlat idorasi eshigida navbat kutib vaqt sarflamasligi, oʻz muammosini tezroq hal qilishi demakdir.

    Shu maʼnoda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ilgari surilayotgan islohotlarning eng muhim xususiyati insonni taraqqiyotning asosiy mezoni sifatida koʻrishdir. Bu tamoyil ichki islohotlar bilan cheklanib qolmayapti. Oʻzbekiston oʻz taraqqiyot tajribasi va mintaqaviy hamkorlikka oid qarashlarini xalqaro maydonga olib chiqib, barqaror rivojlanishning umumiy yechimlarini taklif etmoqda.

    Buning yaqqol misollaridan biri Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish tashabbusidir. 2025-yil 23-sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorligi va iqtisodiy integratsiyasini yanada chuqurlashtirishni qoʻllab-quvvatlovchi Bosh Assambleya rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu tashabbus 2026-yil 20-may kuni oʻzining mantiqiy natijasini topib, BMT Bosh Assambleyasi A/RES/80/260-sonli rezolyutsiyani ovoz berishsiz, yaʼni konsensus asosida qabul qildi.

    Eʼtiborlisi, rezolyutsiyani 66 ta davlat qoʻshimcha hammuallif sifatida qoʻllab-quvvatlagan. BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi mazkur hujjatni Markaziy Osiyo xalqlari manfaatlari yoʻlida hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim tashabbus sifatida baholab, uning innovatsiyalarni ragʻbatlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va uzoq muddatli barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga xizmat qilishini qayd etdi.

    Bu voqeaga biroz chuqurroq nazar tashlasak, uning mazmuni yanada yaqqol namoyon boʻladi. Markaziy Osiyodagi hamkorlik — bu faqat davlatlar oʻrtasidagi munosabatlar emas. Bu millionlab insonlarning taqdiriga daxldor jarayon. Chegaralar orqali savdoning yengillashishi — tadbirkor uchun yangi bozor. Transport yoʻlaklarining rivojlanishi — oddiy odam uchun yangi ish oʻrni. Energetika va suv sohasidagi hamkorlik — millionlab aholi uchun barqaror taʼminot. Taʼlim va ilm-fandagi hamkorlik esa yosh avlod uchun yangi imkoniyatlar eshigidir.

    Shu nuqtayi nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuskorligi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning kelajagi bilan bogʻliq strategik qarash sifatida namoyon boʻlmoqda.

    Ayni paytda, 2026-yilgi hisobot Oʻzbekistonda barqaror rivojlanishni milliy rejalashtirish va siyosat bilan uygʻunlashtirish jarayonlariga ham alohida eʼtibor qaratadi. Xususan, Barqaror rivojlanish yechimlari tarmogʻi hisobotida Oʻzbekiston integratsiyalashgan milliy rejalashtirish yoʻnalishida hamkorlik yoʻlga qoʻyilayotgani qayd etilgan.

    Zero, barqaror rivojlanishning eng toʻgʻri mezoni insonning hayotidagi oʻzgarishdir. Oʻzbekistonning bugungi taraqqiyot yoʻli raqamlar ortidan quvish emas, raqamlar ortida turgan inson taqdirini yaxshilash yoʻlidir. Prezident Shavkat Mirziyoyevning milliy islohotlarni mintaqaviy va global tashabbuslar bilan uygʻunlashtirishga qaratilgan siyosati esa ana shu maqsadni yanada kengroq maydonga olib chiqmoqda.

    Zero, barqaror rivojlanish — bu kelajakni kutish emas. Bu bugun har bir inson uchun yaxshiroq hayot yaratishdan boshlanadi. Va har bir islohotning eng oliy natijasi ham bitta mezon bilan oʻlchanishi kerak: inson hayoti qanchalik oʻzgardi, uning taqdiri qanchalik yaxshilandi?

    Manba