Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mahalla institutining tutgan o‘rni

13-04-2026 390

2026 yil 9 aprel kuni yurtimizda davom etayotgan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mahalla institutining tutgan o‘rnini muhokama qilish maqsadida masofaviy davra suhbati tashkil etildi. Zumm ilovasi orqali o‘tkazilgan ushbu tadbirda Chinoz tumanidagi 40 ta mahalla fuqarolar yig‘inining raislari hamda soha mutaxassislaridan iborat jami 70 nafar vakil ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari Abdumanop Tulyaganov “Mahalla — jamiyatning faol bo‘g‘ini” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzachi barqaror rivojlanish jarayonlarida aholining ijtimoiy holati ustuvor ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni iqtisodiy va ekologik mezonlar bilan uyg‘un holda olib borish zarurligini ilmiy asoslab berdi. Shu bilan birga, markaz eksperti Shodiyor Azizov 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va strategiyada belgilangan vazifalar ijrosiga to‘xtalib o‘tdi. Ekspert jamiyat taraqqiyotida davlat tashkilotlari va aholi o‘rtasidagi faol hamkorlik hamda fuqarolik pozitsiyasining muhimligini alohida qayd etdi.

Amaliy tahlillar jarayonida Chinoz tumani mahalla uyushmasi raisi Sherzod Kuliboyev hududdagi joriy vaziyat yuzasidan ma’lumot berib, aholidan kelib tushgan 151 ta murojaatning asosiy qismi ijtimoiy va moliyaviy ko‘mak bilan bog‘liq ekanligini ma’lum qildi. Mahallalar ixtiyorida mustaqil mablag‘lar shakllanishi natijasida murojaatlarning 80 foizi joyida hal etilganligi islohotlarning amaliy samarasi sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, davlat tomonidan yo‘naltirilgan investitsiyalar evaziga yil yakuniga qadar tumanni ichimlik suvi bilan qamrab olish darajasini 95-100 foizga yetkazish rejalashtirilganligi bildirildi.

Muloqot davomida ekologik masalalar va infratuzilma holati ham diqqat markazida bo‘ldi. Ko‘tarma MFY raisi “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlarni parvarishlashda tizimli yondashuv zarurligini ta’kidladi, natijada may oyida jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganish ishlarini o‘tkazishga kelishib olindi. A. Navoiy MFY raisi esa ko‘p qavatli uylar atrofidagi obodonlashtirish ishlariga qurilish tashkilotlarini jalb etish va yashil hududlarni kengaytirish taklifini ilgari surdi. Tadbir yakunida mahalla uyushmasi va Barqaror rivojlanish markazi bo‘linmasi hamkorligida xalq deputatlari tuman Kengashi bilan aloqalarni mustahkamlash hamda mavjud muammolarni joyiga chiqqan holda bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.