Barqaror rivojlanish markazi 

test_mode
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Xorazmda BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyoga doir yangi rezolyutsiyasi muhokama qilindi

15-07-2026 211

    2026-yil 12-iyul kuni Xorazm viloyati teleradiokompaniyasida "Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan — Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyaning mazmun-mohiyati" mavzusiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy davra suhbati boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda Xorazm mintaqaviy teleradiokompaniyasi (MTRK) masʼul xodimlari, respublika ommaviy axborot vositalari (OAV) vakillari hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy-madaniy markazlar rahbarlari ishtirok etishdi. Anjumanda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) Xorazm viloyati boʻlinmasi rahbari, professor B. Ruzmetov maʼruza bilan qatnashib, mamlakatimizning yetakchi telekanallari, xususan, "Oʻzbekiston 24", Xorazm teleradiokompaniyasi hamda viloyat radiosiga batafsil intervyu berdi.

Professor B. Ruzmetov oʻz maʼruzasida mazkur xalqaro hujjatning kontseptual jihatlariga toʻxtalib, unda belgilangan strategik yoʻnalishlarni tahlil qildi. Xususan, rezolyutsiyada Markaziy Osiyoning jamoaviy va ichki salohiyatidan toʻliq foydalanish, mintaqada aholi, tovarlar, xizmatlar hamda kapitalning toʻsiqsiz va erkin harakatlanishini taʼminlash ustuvor vazifa etib belgilangan boʻlib, bu transchegaraviy savdo aloqalarini jadallashtirish va logistika infratuzilmasini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, BMT darajasida ilk bor mintaqa davlatlarining kichik va oʻrta biznes subyektlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish hamda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash masalasi ilgari surilgani alohida eʼtirof etildi. Professorning taʼkidlashicha, ushbu chora-tadbirlar mintaqaviy iqtisodiyotning barqarorligini oshirish va yosh avlod uchun yangi ish oʻrinlari yaratishning bosh omilidir. Yakunda rezolyutsiyaning global ahamiyatiga toʻxtalib, ushbu hujjat Markaziy Osiyoni nafaqat ichki bozor bilan cheklangan hudud, balki uni Yevropa va Osiyoning yirik transmilliy iqtisodiy tizimlari bilan bogʻlovchi strategik va geosiyosiy koʻprik sifatida baholashi taʼkidlab oʻtildi.