Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

22 MART — BUTUNJAHON SUV KUNI: MARKAZIY OSIYODA SUV RЕSURSLARINI BARQAROR BOSHQARISH VA O‘ZBЕKISTONDAGI ISLOHOTLAR

13-04-2026 390

Suv inson hayoti, oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror iqtisodiy taraqqiyotning eng muhim tabiiy resurslaridan biri hisoblanadi. Shu sababli xalqaro hamjamiyat suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.                        

1992 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi qarori bilan 22 mart Butunjahon suv kuni sifatida belgilangan. Ushbu sana har yili suv resurslarining ahamiyati va ularni muhofaza qilish zaruratiga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadida nishonlanadi.                        

Suv resurslarini samarali boshqarish Birlashgan Millatlar tashkiloti tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida belgilangan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Ushbu maqsad 2030 yilga qadar barcha insonlarni xavfsiz ichimlik suvi va sanitariya xizmatlari bilan ta’minlashni nazarda tutadi.                        

Bu maqsadlar xalqaro miqyosda suv resurslarini boshqarishda kompleks va ilmiy asoslangan yondashuvlarni talab etadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, suv va sanitariya barqaror rivojlanishning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, ular qambag‘allikni kamaytirish, iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Biroq so‘nggi o‘n yilliklarda suv resurslaridan samarasiz foydalanish, ifloslanish va iqlim o‘zgarishi dunyoda suv tanqisligi muammosini kuchaytirmoqda.                        

Bugungi kunda jahonda 2,2 milliarddan ortiq aholi xavfsiz ichimlik suvi xizmatlaridan, 4 milliarddan ziyod odam esa zamonaviy sanitariya sharoitlaridan to‘liq foydalana olmaydi. Shu bilan birga, dunyodagi oqova suvlarning katta qismi tozalanmasdan tabiiy muhitga qaytariladi, bu esa ekotizimlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.                        

2015 yilda BMTga a’zo davlatlar tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida 6-maqsad – “Barcha uchun suv resurslari va sanitariyaning mavjudligi hamda ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash”vazifasi belgilangan. Bu maqsadga erishish uchun xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, suv resurslarini samarali boshqarish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish muhim ahamiyatga ega.                        

Markaziy Osiyo mintaqasi uchun suv resurslari masalasi alohida strategik ahamiyatga ega. Mintaqaning tabiiy-geografik sharoiti, iqtisodiyotning katta qismi sug‘orma qishloq xo‘jaligiga bog‘liqligi hamda asosiy suv manbalari bo‘lgan Amudaryo va Sirdaryo daryolarining transchegaraviy xususiyati suv resurslarini boshqarishni davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik va muvofiqlashtirilgan siyosat talab etadigan muhim masalaga aylantirmoqda.                        

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, kelgusi yillarda mintaqada suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yanada dolzarb tus olishi mumkin. Xususan, Yevroosiyo taraqqiyot banki tahlillariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi va Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali ishga tushishi natijasida Markaziy Osiyoda 2028–2029 yillarga kelib suv resurslari taqchilligi kuchayishi mumkin. Ushbu hisob-kitoblarga ko‘ra, mintaqada yillik suv tanqisligi 5–12 kub kilometr atrofida bo‘lishi ehtimoli qayd etilgan. Bu esa suv resurslaridan samarali foydalanish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish zaruratini yanada oshiradi.                             

Bugungi kunda mintaqadagi mavjud suv resurslarining katta qismi qishloq xo‘jaligi ehtiyojlariga sarflanadi. Turli tahlillarga ko‘ra, Markaziy Osiyoda mavjud suv zaxiralarining 80 foizdan ortig‘i aynan sug‘orma dehqonchilikka yo‘naltirilgan. Ayniqsa, suvtalab ekinlar yetishtirish yuqori suv sarfini talab qiladi.                             

Suv resurslari bilan bog‘liq vaziyat Orol dengizi havzasi ekotizimiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, Amudaryo deltasiga yetkazib berilayotgan suv hajmining kamayishi Janubiy Orol hududida ekologik muammolarni saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, delta hududiga rejalashtirilgan suv hajmining to‘liq yetkazilmasligi ekotizim barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.                        

Shu bilan birga, Orol havzasining shimoliy qismidagi vaziyat nisbatan barqarorroq ekani qayd etilmoqda. Qozog‘iston hududida joylashgan Kichik Orol dengizida amalga oshirilgan gidrotexnik loyihalar natijasida suv hajmining oshishi kuzatilgan. Ushbu loyihalar Jahon banki ko‘magida amalga oshirilgan bo‘lib, ular Orol havzasidagi ekologik vaziyatni qisman barqarorlashtirishga xizmat qilmoqda.                        

Umuman olganda, Markaziy Osiyoda suv resurslarini barqaror boshqarish masalasi nafaqat ekologik, balki iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash bilan ham chambarchas bog‘liq. Shu sababli mintaqada suv resurslaridan samarali foydalanish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va davlatlararo hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.                        

Orolbo‘yi hududlaridagi ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida xalqaro darajada qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Xususan, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasida mintaqaviy dasturlar ishlab chiqilgan va davlatlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.                        

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda suv resurslarini samarali boshqarish va irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.                    

Xususan, mamlakatda:                    

suv ishlatish samaradorligini oshirish;                    

irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish;                    

suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish;                    

raqamli monitoring va hisobga olish tizimlarini tatbiq etish;                    

kanallar va gidrotexnik inshootlarni modernizatsiya qilish yo‘nalishlarida amaliy ishlar olib borilmoqda.                        

O‘zbekistonda suv resurslaridan samarali foydalanish va suv tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish, zamonaviy suv hisoblash uskunalari va raqamli monitoring tizimlarini joriy etish orqali suvdan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.                        

Jumladan, bugungi kunda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 2,6 million gektarga yetdi, bu esa umumiy sug‘oriladigan yer maydonlarining taxminan 60 foizini tashkil etadi. Taqqoslash uchun, 2017 yilgacha respublikada bunday texnologiyalar joriy qilingan maydonlar atigi 19 ming gektarni tashkil etgan edi. Qisqa vaqt ichida ushbu ko‘rsatkichning keskin oshishi sohada olib borilayotgan tizimli islohotlar samarasini ko‘rsatadi. Mazkur chora-tadbirlar natijasida har yili 2,5 milliard kub metr suvni tejash imkoniyati yaratilmoqda.                        

Kelgusi yillarda mazkur yo‘nalishdagi ishlar yanada kengaytirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 2030 yilga qadar qishloq xo‘jaligi sug‘oriladigan ekin maydonlarida suv tejash texnologiyalari (shu jumladan, yerlarni lazerli tekislash) bilan ta’minlash darajasini 100 foizga yetkazish belgilangan.                        

Suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish doirasida mamlakatdagi yirik gidrotexnik inshootlar xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, respublikadagi 17 ta suv omborida favqulodda vaziyatlarda aholini erta ogohlantirish bo‘yicha lokal xabar berish tizimlari joriy qilingan. Shuningdek, 16 ta suv omboriga 83 ta seysmik qurilma (akselometr) o‘rnatilgan bo‘lib, ular gidrotexnik inshootlarning seysmik barqarorligini monitoring qilish imkonini beradi.                        

Bundan tashqari, 44 ta suv omboriga suv sathini real vaqt rejimida kuzatuvchi maxsus datchiklar o‘rnatilgan. Bu tizimlar suv omborlaridagi holatni doimiy nazorat qilish, ehtimoliy xavflarni barvaqt aniqlash va tezkor qaror qabul qilish imkonini yaratadi.                        

Suv resurslarini boshqarishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish borasida kosmik monitoring usullari ham tatbiq etilmoqda. Jumladan, “O‘zbekkosmos” agentligi bilan hamkorlikda

60 ta suv omborining loyqa hajmi va suv zaxiralari bo‘yicha kosmik ma’lumotlar asosida aniqlik kiritilgan. Shuningdek, 20 ta suv ombori to‘g‘onlarining deformatsiyalanishi, siljishi va cho‘kishi dinamikasi kosmik kuzatuvlar orqali monitoring qilinmoqda.                        

Mutaxassislar ta’kidlashicha, jahon amaliyotida suv obyektlarini boshqarishda kosmik tadqiqotlar va masofaviy monitoring texnologiyalari tobora keng qo‘llanilmoqda. Shu sababli bu sohadagi ilg‘or tajribani o‘rganish va uni milliy amaliyotga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi.                        

Bu kabi innovatsion yondashuvlar suv resurslarini samarali boshqarish, gidrotexnik inshootlar xavfsizligini ta’minlash va suvdan foydalanish samaradorligini oshirishda muhim omil hisoblanadi.                    

Avazbek XALBЕKOV

Barqaror rivojlanish markazi

bo‘lim boshlig‘i