Bugungi kunda insoniyat taraqqiyotining eng muhim strategik masalalaridan biri — barqaror rivojlanish hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi, kambag‘allik darajasini qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, ijtimoiy tengsizlik va ekologik muammolar kabi global tahdidlar jahon hamjamiyatini iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy adolat va ekologik muvozanatni uyg‘unlashtirgan yangi taraqqiyot modelini shakllantirishga undamoqda.
Shu maqsadda 2015 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibi qabul qilindi va unda insoniyat taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari belgilandi.
2025 yilda e’lon qilingan Barqaror rivojlanish bo‘yicha hisobotda mazkur maqsadlarga erishish jarayonida dunyo davlatlari qanday natijalarga erishganini tahlil qiladi. Hisobot ma’lumotlari shuni ko‘rsatmoqdaki, barqaror rivojlanish g‘oyasi global miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotgan bo‘lsa-da, uni amalga oshirish jarayonida hali ham qator jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi 193 davlatdan 190 tasi barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy strategiyalar va dasturlarni qabul qilgan. Bu holat barqaror rivojlanish tamoyillari xalqaro hamjamiyat tomonidan umumiy taraqqiyot yo‘li sifatida qabul qilinganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, mamlakatlar Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish jarayonida Ixtiyoriy milliy sharh mexanizmi orqali o‘z tajribalari va natijalarini taqdim etmoqda. 2015 yildan buyon ko‘plab davlatlar kamida ikki marta milliy sharh taqdim etgan bo‘lib, 2025 yilda yana 39 ta mamlakat o‘z hisobotini e’lon qilishni rejalashtirgan. Faqat uch davlat — Gaiti, Myanma va AQSH — ushbu jarayonda ishtirok etmagan. Shuningdek, mahalliy darajada ham barqaror rivojlanish siyosatini baholash uchun Ixtiyoriy mahalliy sharhlar amaliyoti kengayib bormoqda.
Biroq amaliy natijalar barqaror rivojlanishga erishish yo‘lidagi murakkabliklarni ham ko‘rsatmoqda. Hisobotga ko‘ra, jahon miqyosida Barqaror rivojlanish maqsadlarining atigi 17 foizigina belgilangan reja bo‘yicha amalga oshirilmoqda, qolgan qismida esa sekinlashish yoki orqaga ketish holatlari kuzatilmoqda.
Ayniqsa oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik muvozanat va bioxilmaxillik, shaharlar infratuzilmasining barqarorligi, adolat va huquqiy institutlar samaradorligi kabi sohalarda muammolar saqlanib qolmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bu holatga asosiy sabablar sifatida geosiyosiy mojarolar, iqtisodiy inqirozlar, moliyaviy resurslar yetishmasligi hamda iqlim o‘zgarishi keltirilmoqda.
2025 yilgi hisobotga ko‘ra, barqaror rivojlanish indeksi bo‘yicha yetakchilikni asosan Yevropa mamlakatlari saqlab qolmoqda. Xususan, Finlyandiya birinchi, Shvetsiya ikkinchi va Daniya uchinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek Germaniya va Fransiya ham yuqori natijalarga erishgan davlatlar qatoriga kiradi.
Bu mamlakatlarda ijtimoiy himoya tizimi, ta’lim va tibbiyot sohalari yuqori darajada rivojlangan bo‘lib, davlat boshqaruvida shaffoflik va samaradorlik ta’minlangan. Biroq, hatto ushbu davlatlar ham barqaror iste’mol va ishlab chiqarish bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.
Shu bilan birga, Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlari so‘nggi o‘n yil ichida barqaror rivojlanish bo‘yicha eng tez o‘sishni namoyish etmoqda. Masalan, Nepal, Kambodja, Filippin, Bangladesh va Mo‘g‘uliston indeksi sezilarli darajada o‘sgan. Shu qatorda Benin, Peru, Birlashgan Arab Amirliklari, Kosta-Rika, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston ham barqaror rivojlanish bo‘yicha jadal taraqqiyotga erishgan mamlakatlar qatoriga kiritilgan.
Hisobotda O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqasida barqaror rivojlanish bo‘yicha eng tez taraqqiy etayotgan davlatlardan biri sifatida qayd etilgan.
2025 yilgi reytingga ko‘ra, O‘zbekiston 167 ta davlat orasida 73,1 ball bilan, 19 pog‘onaga ko‘tarilib, 62-o‘rinni egalladi. Shuningdek, O‘zbekiston 2015 yildan buyon Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqalarida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida faol sur’atlarda taraqqiyotga erishgan davlat sifatida e’tirof etildi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatimizda barqaror rivojlanish sohasidagi islohotlar samaradorligini va jamiyatning faol ishtirokini namoyon etmoqda.
Shu bilan birga, hisobotda barqaror rivojlanishga erishishdagi asosiy to‘siqlardan biri — moliyaviy resurslar yetishmasligi ham ta’kidlanadi. Dunyo aholisining qariyb yarmi barqaror rivojlanish dasturlarini amalga oshirish uchun yetarli moliyaviy imkoniyatlarga ega bo‘lmagan davlatlarda yashaydi.
Ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlardagi tashqi qarzlarning ortishi, investitsiya resurslarining cheklanganligi, xalqaro moliyaviy tizimdagi tengsizlik muammolarga duch kelmoqda.
Mutaxassislar fikricha, barqaror rivojlanishga erishish uchun xalqaro moliyaviy arxitekturani isloh qilish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda hisobot mualliflari rivojlanayotgan mamlakatlarga imtiyozli kreditlar ajratish, tashqi qarzlarni qayta ko‘rib chiqish, xalqaro ekologik jamg‘armalarni kengaytirish, global investitsiya oqimlarini rivojlanayotgan davlatlarga yo‘naltirish kabi amaliy choralarni taklif qilmoqda.
Shuningdek, hisobotda barqaror rivojlanishni ta’minlashda inson kapitaliga sarmoya kiritish alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlanadi. Mutaxassislar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga investitsiya kiritish uzoq muddatda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashini qayd etmoqda. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, inson kapitaliga kiritilgan investitsiyalar 20 foizgacha iqtisodiy natija berishi mumkin.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, yashil energetika va innovatsion texnologiyalar barqaror rivojlanishni tezlashtiruvchi muhim omillar sifatida baholanmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham barqaror rivojlanishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish dasturlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish hamda raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatning barqaror taraqqiyot yo‘lidagi pozitsiyasini mustahkamlamoqda.
Ekspertlar fikricha, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, global moliyaviy tizimni isloh qilish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, inson kapitaliga investitsiyalarni oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratish zarurligi tavsiya etilgan.
Xulosa qilib aytganda tahlillar jahon taraqqiyotida barqaror rivojlanish g‘oyasi tobora markaziy ahamiyat kasb etayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Hisobot natijalari bir tomondan ko‘plab mamlakatlar barqaror rivojlanish yo‘lida sezilarli yutuqlarga erishayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan global miqyosda hali ham katta muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.
Ayniqsa geosiyosiy ziddiyatlar, moliyaviy resurslar taqchilligi, ekologik inqirozlar va ijtimoiy tengsizlik kabi omillar barqaror taraqqiyot jarayonini sekinlashtirmoqda. Shu sababli barqaror rivojlanish faqat alohida davlatlarning emas, balki butun insoniyatning umumiy mas’uliyatiga aylanmoqda.
Hozirgi sharoitda global hamkorlikni kuchaytirish, adolatli moliyaviy tizimni shakllantirish, innovatsiya va inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali barqaror taraqqiyotni ta’minlash insoniyat oldida turgan strategik vazifalardan biri hisoblanadi.
Aks holda, 2030 yilgacha belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish nafaqat qiyinlashadi, balki insoniyatning kelajak taraqqiyoti ham jiddiy xavf ostida qolishi mumkin.
Elyorjon Saminov
Barqaror rivojlanish markazi direktori