Ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda oila institutini mustahkamlash jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda erta nikoh, erta yoshdagi tug‘ruq hamda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalalari davlat siyosatida doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda.
Mazkur yo‘nalishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mutasaddi idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida idoralararo kengash faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayollar va bolalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qator huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan 5 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qat’iylashtirish, pedofiliya kabi og‘ir jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo choralarini belgilash, shuningdek, Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinsiy jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etgan mahkumlarni manzil-koloniyalarga o‘tkazmaslik, jinsiy jinoyatlarga oid qator moddalar bo‘yicha ishlarni tergov qilish vakolatini ichki ishlar organlaridan prokuratura organlariga o‘tkazish kabi choralar nazarda tutilgan.
Ayollar va bolalarga nisbatan sodir etiladigan zo‘ravonlik jinoyatlari bilan maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan advokatlar, tergovchilar va sudyalar shug‘ullanishi ham mazkur yo‘nalishdagi muhim choralardan biri hisoblanadi. Zo‘ravonlikdan jabrlangan va himoya orderi berilgan xotin-qizlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ularning telefon qurilmalariga maxsus “SOS” ilovalarini o‘rnatish mexanizmi joriy etilmoqda. Ushbu tizimga ko‘ra, chaqiruv tugmasi bosilganda 5 kilometr radiusdagi ichki ishlar xodimlari 10 daqiqa ichida manzilga yetib kelishi ko‘zda tutilgan. Erta nikohning oldini olish va yoshlarni oila qurishga mas’uliyat bilan yondashishga rag‘batlantirish masalalari ham alohida ahamiyat kasb etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda nikohlarning taxminan 40 foizi 18–19 yoshdagilar o‘rtasida tuziladi. Xalqaro tashkilotlar esa eng maqbul nikoh yoshi sifatida 21 yoshni tavsiya etadi. Bu yoshga yetgan shaxslar odatda moliyaviy mustaqillikka erishib, oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘ladi. Shu asosda nikohni 21 yoshga yetgan shaxslar o‘rtasida tuzilishini rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, davlat bojidan imtiyozlar berish orqali nikoh shartnomalarini keng ommalashtirish kabi choralar belgilandi.
Shuningdek, nikoh yoshiga oid qonunchilikni buzganlik uchun belgilangan jarimaning 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarga berish tartibini joriy etish orqali erta nikohlarni aniqlash samaradorligini oshirish taklif etildi. Erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlari hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish bo‘yicha idoralararo tizim yo‘lga qo‘yilib, bunday holatlar haqida xabar bermaslik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash ham nazarda tutilgan.
Ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan mazkur chora-tadbirlar jamiyatda adolat, xavfsizlik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. Zero ayol va bola qadri ulug‘langan jamiyatda sog‘lom oila, barqaror taraqqiyot va farovon kelajak uchun mustahkam poydevor yaratiladi.