Oxirgi yillarda iqlim o‘zgarishi va shu bilan birga ob-havo ham keskin o‘zgarib ketishi natijasida, sayyoramizning har bir qit’asida odatiy, o‘ziga xos bo‘lgan iqlim tubdan o‘zgarib borayotganini har bir qadamda kuzatishimiz mumkin.
Birinchi texnologik portlash — Industrial inqilob (XVIII asr oxiri – XIX asr) davrini insoniyat tarixidagi ilk texnologik portlash deb atash mumkin. Aynan mana shu davrda texnika taraqqiyoti katta yutuqlar bergan bo‘lsa-da, ayrim jiddiy ekologik va ijtimoiy muammolarni ham keltirib chiqardi. Zavodlar chiqindilaridan atrof-muhitning ifloslanishi va havoga issiqxona gazlarining chiqishi ortib, global isishning dastlabki bosqichi paydo bo‘lgani hech kimga sir emas.
Insoniyat rivojlanish davrida yangidan-yangi soha va yo‘nalishlarni kashf etishi va o‘zlashtirishi bilan birga, bozordagi keskin raqobat ham kuchaydi. Insonlar va davlatlar o‘rtasidagi poyga natijasida vujudga kelgan rivojlanishlar bilan bir qatorda umumbashariy muammolar uzoq yillar davomida o‘z ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda.
Shu jumladan, ikkinchi texnologik portlash — elektr va neftni ommaviy ishlab chiqarish (XX asr boshi) yuz berishi bilan elektr energiyasi, avtomobillar, aviatsiya va konveyer tizimlari rivojlandi. Biroq salbiy oqibatlar ham kuzatildi: neft va gazga kuchli bog‘liqlik, ularni qazib olish hamda qayta ishlash jarayonlari, avtotransport chiqindilaridan atmosferaning zararlanishi, qurollanish poygasi va yadroviy xavfning kuchayishi, tabiat resurslarining katta hajmda yo‘q qilinishi kabi muammolar yuzaga keldi.
Bugungi kunda sayoramiz qanday og‘ir oqibatlarni kechirmoqda?
Muammo
Nima uchun sodir bo‘ldi
Ma’lum oqibatlar
Global harorat isish
Sanoat isiqhona gazlari
Qutb muzliklari erishi, iqlim ofatlari
Bioxilma-xillik yo‘qolishi
Madaniy va sanoat bosimi
Hayvonlar va o‘simliklar turlari yo‘q bo‘lishi
Okean ifloslanishi
Plastik va sanoat chiqindilari
Okean ekotizimlari yemirilishi
Tabiiy resurslar tugashi
Haddan tashqari iste’mol
Suv va energiya tanqisligi
Bugungi kunda insoniyat oldida turgan asosiy vazifa — tabiatga qarshi emas, balki tabiat bilan uyg‘un rivojlanish yo‘lini topishdir. Bu jarayonda BMTning Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) insoniyat uchun yo‘l xaritasi vazifasini bajarmoqda. Masalan:
BRM iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishning asosiy maqsadi – iqlim o‘zgarishiga qarshi samarali choralar ko‘rish, issiqxona gazlarini kamaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish orqali barqaror taraqqiyotni ta’minlash.
1. Iqlim o‘zgarishi insoniyat oldida turgan eng katta global xavflardan biri hisoblanadi. Industrial inqilobdan keyingi davrda sanoat korxonalari, transport vositalari va neft-gazga asoslangan iqtisodiy tizimlar atmosferaga katta miqdorda issiqxona gazlarini chiqardi. Bu jarayon global isishni tezlashtirdi, qutb muzliklarining erishiga, dengiz sathining ko‘tarilishiga va turli iqlim ofatlarining ko‘payishiga olib keldi.
Asosiy yo‘nalishlar
Issiqxona gazlarini kamaytirish: Sanoat va transport sohalarida chiqindilarni cheklash, energiya samaradorligini oshirish, chiqindilarni qayta ishlash va toza texnologiyalarni joriy etish.
Qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tish: Quyosh, shamol, gidro va biomassa energiyasini keng joriy etish. Bu nafaqat atmosferaga chiqindilarni kamaytiradi, balki iqtisodiy samaradorlik va energetik mustaqillikni ham ta’minlaydi.
Barqaror transport tizimlari: Elektromobillar, gibrid texnologiyalar, jamoat transporti va velosiped infratuzilmasini rivojlantirish orqali shaharlarda havo ifloslanishini kamaytirish.
Iqlimga moslashuv: Qishloq xo‘jaligida iqlimga mos texnologiyalarni joriy etish, suv resurslarini tejash, qurg‘oqchilik va sel kabi tabiiy ofatlarga tayyorgarlik ko‘rish.
Xalqaro hamkorlik: Rivojlangan davlatlardan rivojlanayotgan mamlakatlarga moliyaviy va texnologik ko‘mak berish, iqlim bo‘yicha global kelishuvlarga amal qilish.
2. Okeanlar va dengizlar insoniyat hayotining ajralmas qismi hisoblanadi. Ular yer yuzining qariyb 70 foizini egallab, global iqlim tizimini barqarorlashtirishda, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda va iqtisodiy rivojlanishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bilan birga, okeanlar bioxilma-xillikning eng katta manbai bo‘lib, millionlab turdagi hayvon va o‘simliklar uchun uy vazifasini bajaradi.
Biroq so‘nggi o‘n yilliklarda okeanlar insoniyat faoliyati tufayli jiddiy xavf ostida qolmoqda. Plastik chiqindilarning ortishi, sanoat va neft chiqindilarining suvga tushishi, ortiqcha baliq ovlanishi va global isish oqibatlari okean ekotizimlarini yemirmoqda va bu borada Dengiz ekotizimlarini asrash maqsadi belgilab olingan.
Asosiy yo‘nalishlar
Okean ifloslanishini kamaytirish: Sanoat chiqindilarini nazorat qilish, neft va kimyoviy moddalarning suvga tushishini cheklash, portlar va transport tizimlarida ekologik standartlarni kuchaytirish.
Plastik chiqindilarni cheklash: Bir martalik plastik mahsulotlardan voz kechish, qayta ishlash tizimini rivojlantirish, aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish.
Bioxilma-xillikni muhofaza qilish: Korall riflari, suv ostidagi o‘rmonlar va turli xil dengiz hayvonlarini asrash, suv ostidagi hududlarni muhofaza qilinadigan zonalarga aylantirish.
Barqaror baliqchilik: Ortiqcha ov qilishni cheklash, qonunchilik orqali suv resurslarini muhofaza qilish, barqaror ov usullarini joriy etish.
Xalqaro hamkorlik: Okeanlarni muhofaza qilish bo‘yicha global kelishuvlar va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, davlatlar o‘rtasida tajriba almashish.
3. Quruqlikdagi ekotizimlarni va bioxilma-xillikni saqlash insoniyatning barqaror kelajagi uchun asosiy shartlardan biri hisoblanadi. Yer yuzining katta qismidagi hayot quruqlikda joylashgan va inson turmushi to‘g‘ridan to‘g‘ri tabiiy resurslarga bog‘liq. Shu bois, o‘rmonlarni asrash, cho‘llanishga qarshi kurashish va yerning degradatsiyasini to‘xtatish global miqyosda muhim vazifa sifatida qo‘yilgan.
Asosiy yo‘nalishlar
O‘rmonlarni muhofaza qilish va qayta tiklash: O‘rmonlar atmosferadagi kislorodning asosiy manbai bo‘lib, issiqxona gazlarini yutib iqlimni barqarorlashtiradi. Ular bioxilma-xillikning uyi va millionlab turdagi hayvon hamda o‘simliklar uchun yashash muhiti hisoblanadi. Shu bois noqonuniy daraxt kesishni cheklash, qayta o‘rmonlashtirish dasturlarini amalga oshirish va o‘rmon hududlarini muhofaza qilinadigan zonalarga aylantirish zarur.
Bioxilma-xillikni saqlash: Yerdagi turli xil hayvonlar va o‘simliklar turlari insoniyatning oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot va iqtisodiy rivojlanishda muhim ahamiyatga ega. Yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar uchun maxsus rezervatsiyalar tashkil etish va ularni asrash BRM 15ning asosiy vazifalaridan biri.
Cho‘llanishga qarshi kurashish: Yerning degradatsiyasi va suv resurslarining kamayishi cho‘llanish jarayonini tezlashtiradi. Bu esa qishloq xo‘jaligiga katta zarar yetkazib, millionlab odamlarning turmush tarzini xavf ostiga qo‘yadi. Shu bois yerdan barqaror foydalanish, suv resurslarini tejash va samarali agrotexnologiyalarni joriy etish muhim.
Yer unumdorligini tiklash: Tuproq unumdorligini saqlash va tiklash orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash mumkin. Organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, tuproqni muhofaza qilish usullarini joriy etish va yerdan ortiqcha foydalanishni cheklash zarur.
Xalqaro hamkorlik: Tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha global kelishuvlarda ishtirok etish, ilmiy tadqiqotlar va tajriba almashish orqali davlatlar bioxilma-xillikni asrashda birgalikda harakat qilishlari lozim.
4. Arzon va toza energiya insoniyatning barqaror kelajagi uchun eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Industrial inqilobdan keyingi davrda neft va gazga kuchli bog‘liqlik iqtisodiy o‘sishni ta’minlaganiga qaramay, atmosferaga katta miqdorda issiqxona gazlarini chiqarib, global isish jarayonini tezlashtirdi. Shu bilan birga, energiya narxlarining keskin o‘zgarishi va resurslar tanqisligi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
BRM – har bir inson uchun arzon, ishonchli va barqaror energiya manbalarini ta’minlash, shu bilan birga qayta tiklanuvchi energiya turlarini keng rivojlantirishdir.
Asosiy yo‘nalishlar
Neft va gazga bog‘liqlikni kamaytirish
Insoniyatning industrial taraqqiyoti davomida neft va gazga kuchli bog‘liqlik shakllandi. Bu resurslar iqtisodiy o‘sishni ta’minlagan bo‘lsa-da, ularning ortiqcha ishlatilishi ekologik muammolarni keltirib chiqardi. Shu bois, neft va gazga bog‘liqlikni kamaytirish barqaror rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Sanoat va transport sohalarida energiya samaradorligini oshirish orqali chiqindilarni kamaytirish va iqtisodiy tejamkorlikka erishish mumkin.
Elektr va gibrid transport vositalarini ommalashtirish shaharlarda havo ifloslanishini kamaytiradi va energiya sarfini tejaydi.
Iqtisodiyotda qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish orqali resurslar diversifikatsiyasiga erishish, mamlakatning energetik xavfsizligini mustahkamlaydi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari insoniyatning kelajakdagi barqaror taraqqiyoti uchun asosiy omil hisoblanadi. Ular atmosferaga issiqxona gazlarini chiqarmaydi va uzoq muddatli iqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydi.
Quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish orqali toza energiya ishlab chiqarishni kengaytirish mumkin.
Gidroenergetika va biomassa texnologiyalarini joriy etish energiya manbalarini diversifikatsiya qiladi va resurslardan samarali foydalanishni ta’minlaydi.
Davlat siyosati va investitsiyalarni qayta tiklanuvchi energiyani qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish orqali iqtisodiy o‘sish va yangi texnologiyalarni rivojlantirishga turtki beriladi.
Energiya samaradorligini oshirish
Energiya samaradorligi – bu nafaqat iqtisodiy tejamkorlik, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashning ham asosiy yo‘lidir.
Ishlab chiqarishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish orqali energiya sarfini kamaytirish va mahsulot sifatini oshirish mumkin.
Uy-joy va binolarda energiya tejamkor tizimlarni joriy etish aholi xarajatlarini kamaytiradi va turmush darajasini oshiradi.
Chiqindilardan energiya olish texnologiyalarini rivojlantirish orqali resurslardan to‘liq va samarali foydalanish ta’minlanadi.
Ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyat
Arzon va toza energiya nafaqat iqtisodiy samaradorlikni, balki ijtimoiy adolatni ham ta’minlaydi.
Arzon energiya aholi turmush darajasini oshiradi, chunki elektr va issiqlik narxlari kamayishi turmush sharoitini yengillashtiradi.
Qayta tiklanuvchi energiya ish o‘rinlarini yaratadi va yangi sohalarda iqtisodiy o‘sishga turtki beradi.
Toza energiya insoniyatning kelajak avlodlariga sog‘lom muhit qoldirish imkonini beradi, bu esa global barqarorlikning asosiy kafolati hisoblanadi.
Insoniyat taraqqiyoti davomida texnologik inqiloblar katta yutuqlar bilan birga jiddiy ekologik va ijtimoiy muammolarni ham keltirib chiqardi. Industrial inqilobdan boshlangan neft va gazga bog‘liqlik, atmosferaning ifloslanishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi va tabiiy resurslarning tez sur’atda tugashi global miqyosda xavfli oqibatlarga olib keldi.
Bugungi kunda insoniyat oldida turgan asosiy vazifa — tabiatga qarshi emas, balki tabiat bilan uyg‘un rivojlanish yo‘lini topishdir. Bu jarayonda BMTning Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) yo‘l xarita vazifasini bajarmoqda. Xususan, BRM Arzon va toza energiya,Iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar, Dengiz ekotizimlarini asrash va Quruqlikdagi ekotizimlarni va bioxilma-xillikni saqlash kabi maqsadlar insoniyatni barqaror kelajakka yetaklaydi.
Shu bois, global muammolarga yechim topishda texnologik taraqqiyotni tabiat bilan uyg‘unlashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, bioxilma-xillikni asrash va resurslardan oqilona foydalanish insoniyatning kelajak avlodlariga sog‘lom muhit qoldirishning asosiy kafolati hisoblanadi.
Barqaror rivojlanish markazi
bosh mutaxassisi
Shuxrat Xojimurodov