2026 yil 26 fevral kuni Oxbridge maktabi o‘quvchilari uchun Barqaror rivojlanish markazi mutaxassislari ishtirokida “Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM): O‘zbekiston va xalqaro tajriba” mavzusida ochiq va interaktiv uchrashuv tashkil etildi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlarni BMT tomonidan qabul qilingan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan yaqindan tanishtirish hamda ularning mazmun-mohiyatini tushuntirishdan iborat bo‘ldi.
Dars davomida o‘quvchilar barqaror rivojlanishning bugungi va kelajak avlodlar hayotidagi o‘rni, iqlim o‘zgarishi, qashshoqlik va tengsizlik kabi global muammolarning o‘zaro bog‘liqligi haqida fikr yuritdilar. Shuningdek, tinchlik va adolatga asoslangan jamiyatni barpo etish avvalo insonlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, muloqot madaniyati va bag‘rikenglikdan boshlanishi alohida ta’kidlandi.
Muloqot jarayonida yoshlar barqarorlikka hissa qo‘shishning amaliy usullari haqida takliflar bildirdilar. Ular ko‘ngillilik faoliyati, ijtimoiy tashabbuslar va atrof-muhitni asrashga qaratilgan loyihalar orqali jamiyatga foyda keltirish mumkinligini muhokama qildilar. Dars jonli savol-javoblar va qizg‘in munozaralar ruhida o‘tdi.
O‘quvchilar o‘z maktabi va shahar muhitini yanada barqaror qilish bo‘yicha aniq g‘oyalar ilgari surdilar: ko‘chat ekishni ko‘paytirish, suv va energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, chiqindilarni saralab tashlash, keksalarga hurmat va e’tibor ko‘rsatish kabi tashabbuslar shular jumlasidandir.
Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, Barqaror rivojlanish maqsadlari — bu faqat xalqaro darajadagi siyosiy hujjat emas, balki har bir insonning kundalik hayotidagi mas’uliyatidir. Yoshlar ushbu qadriyatlarni erta anglab, amalda qo‘llay boshlasalar, jamiyatda ijobiy o‘zgarishlarga erishish imkoniyati yanada ortadi.
Oxbridge maktabi va Barqaror rivojlanish markazi o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi esa o‘quvchilar ongida barqaror va mas’uliyatli kelajak tamoyillarini shakllantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.