Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Barqaror rivojlanish sohasida xalqaro ilmiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

09-11-2026 1473

    Barqaror rivojlanish markazida Shvetsiyaning Uppsala universiteti Tinchlik va ziddiyatlarni tadqiq qilish departamenti rahbari, professor Ashok Svayn bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    1477-yilda asos solingan Uppsala universiteti Skandinaviyadagi eng qadimiy oliy taʼlim muassasasidir. Ashok Svayn, shuningdek, xalqaro suv hamkorligi boʻyicha YUNESKO kafedrasi rahbari sifatida suv resurslarini boshqarish, tinchlik va xavfsizlik masalalarini tadqiq etib kelmoqda.

    Uchrashuvda Barqaror rivojlanish markazi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, Oʻzbekistonda 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish jarayoni va bu borada fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki muhokama qilindi.

    Muloqot ishtirokchilari ilmiy tadqiqotlar natijalaridan davlat siyosatini takomillashtirishda foydalanish, ekspertlar hamjamiyati va nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, ilgʻor xorijiy tajribani milliy amaliyotga tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

    Professor Ashok Svayn Oʻzbekistonga ilk tashrifi davomida mamlakatdagi bunyodkorlik ishlari va barqaror rivojlanish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlar unda ijobiy taassurot qoldirganini taʼkidladi. U Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrifi chogʻida talabalarning bilimga intilishi, xorijiy tillarda erkin muloqot qilishi va intellektual salohiyatini alohida eʼtirof etganini qayd etdi.

    Suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy suv masalalari uchrashuvning muhim mavzularidan boʻldi. Ashok Svayn Oʻzbekistonning suv xoʻjaligini rivojlantirish va mavjud muammolarga yechim izlash borasidagi saʼy-harakatlarini ijobiy baholab, ularning butun Markaziy Osiyo uchun ahamiyatiga eʼtibor qaratdi.

    Shuningdek, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarga erishishda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, xususan, Uppsala universiteti bilan ekspertlar va tadqiqotchilar darajasida aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

    Istiqbolli yoʻnalishlar qatorida barqaror rivojlanish, tinchlik va xavfsizlik, suv resurslarini boshqarish, iqlim oʻzgarishi hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari boʻyicha qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, ekspertlik muloqotlari, konferensiya va seminarlar tashkil etish, shuningdek, yosh tadqiqotchilar uchun taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.