Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Oʻzbekiston va Afgʻoniston: mintaqaviy integratsiyaning yangi imkoniyatlari

12-11-2026 56

    Afgʻoniston iqtisodiyotining tiklanishi Oʻzbekistonning eksport bozorlarini kengaytirish, qoʻshma ishlab chiqarishni rivojlantirish va Janubiy Osiyo bilan transport aloqalarini mustahkamlash manfaatlariga mos keladi. Qoʻshni mamlakatda korxonalar faoliyati jonlanib, aholi daromadlari oshgan sari oʻzbek mahsulotlari va xizmatlariga talab ortadi. Oʻzaro manfaatli iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishi mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

    Hamkorlikning navbatdagi vazifasi savdo oʻsishini qoʻshma ishlab chiqarish va uzoq muddatli buyurtmalar bilan mustahkamlashdir. Buning uchun infratuzilmani rivojlantirish va davlatlararo kelishuvlarni amalga oshirishda tadbirkorlarning ehtiyojlari hisobga olinishi kerak. Korxonalarni xomashyo, energiya va malakali kadrlar bilan taʼminlash, mahsulotni xaridorga yetkazish shartlarini kelishib olish bu vazifani amalga oshirishga xizmat qiladi. Natijada Oʻzbekistonning eksport mahsulotlari va xizmatlari turlarini koʻpaytirish imkoniyati kengayadi. Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) esa hamkorlikning bandlik va aholi daromadlariga taʼsirini baholashga asos boʻladi.

    Oʻzbekistonning Afgʻonistonga nisbatan siyosatida izchil muloqot va iqtisodiy hamkorlikka ustuvor ahamiyat berilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Afgʻonistonning jakalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, mamlakat hududidan oʻtuvchi xalqaro transport va energetika yoʻlaklarini rivojlantirish yuzasidan maxsus rezolyutsiya qabul qilishni taklif etdi. Ushbu tashabbus Afgʻonistonning mintaqaviy iqtisodiy aloqalardagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan.

    Jahon savdo tashkilotining 2023-yilgi hisobotida umumlashtirilgan tadqiqotlar savdo aloqalari mojarlar ehtimolini kamaytirishga hissa qoʻshishi mumkinligini koʻrsatadi. Kelishilgan qoidalarga tayangan hamkorlik bu taʼsirni mustahkamlaydi. Bu tomonlarning majburiyatlarini aniq belgilash, muntazam muloqot olib borish va nizolarni hal etish tartiblarini kelishib olishni anglatadi.

    Savdo statistikasi iqtisodiy aloqalarning kengayib borayotganini koʻrsatmoqda. Milliy statistika qoʻmitasining 2026-yil 15-iyulda yangilangan maʼlumotlariga koʻra, oʻzaro tashqi savdo aylanmasi 2023-yilda 867,5 million, 2024-yilda 1 milliard 138 million, 2025-yilda esa 1 milliard 680,6 million AQSh dollarini tashkil etgan. Yaxlitlanmagan maʼlumotlar asosida hisoblaganda, 2025-yilgi koʻrsatkich 2024-yilga nisbatan 47,7 foiz, 2023-yilga nisbatan 93,7 foiz yuqori boʻlgan. Demak, ikki yilda savdoning dollardagi qiymati qariyb ikki baravar oshgan.

    Qoʻmitaning 2026-yil 26-sentabrda yangilangan bazasida yanvar–avgust oylaridagi oʻzaro savdo 1 milliard 424,4 million dollar deb koʻrsatilgan. 2025-yilning shu davridagi 1 milliard 10,3 million dollarga nisbatan oʻsish qariyb 41 foizni tashkil etadi. Bu dinamika korxonalar oʻrtasida uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun iqtisodiy asosni kengaytiradi. Xususan, mahsulot yetkazib berish shartnomalarini uni qayta ishlash, qadoqlash va uskunalarga xizmat koʻrsatish boʻyicha kelishuvlar bilan toʻldirish mumkin. Natijada oʻzbek korxonalarining daromad manbalari tovar sotish bilan birga texnologiya va texnik xizmatlar eksporti hisobiga ham koʻpayadi.

    Afgʻonistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat bunday loyihalarni ish oʻrinlari yaratishga yoʻnaltirish zarurligini koʻrsatadi. Jahon bankining 2026-yil 26-maydagi bahosiga koʻra, 2025-yilda mamlakat iqtisodiyoti 4,8 foizga oʻsgan. Aholi soni tez koʻpaygani tufayli aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi ichki mahsulot 5,6 foizga kamaygan. BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) maʼlumotida esa 2025-yilda aholining 74 foizi asosiy turmush ehtiyojlarini qondirishda qiyinchilikka duch kelgani qayd etilgan. Mahalliy xomashyoni qayta ishlash, kasb oʻrgatish va kichik tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash oilalar daromadini oshirishga xizmat qiladi. Daromadning koʻpayishi esa isteʼmol talabini va oʻzaro savdoning asosini mustahkamlaydi.

    Qoʻshma ishlab chiqarish uchun istiqbolli sohalar siyosiy muloqotda belgilangan. 2025-yil iyulda Prezident Shavkat Mirziyoyevning afgʻon delegatsiyasi bilan uchrashuvida toʻqimachilik, farmatsevtika va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash yoʻnalishlari muhokama qilingan. Chegaraoldi sanoat kooperatsiyasini xomashyo manbai va xaridori aniqlangan loyihalardan boshlash maqsadga muvofiq. Masalan, qayta ishlash loyihasida oʻzbek hamkori uskuna yetkazish va xodimlarni oʻqitishni, afgʻon hamkori mahalliy xomashyo taʼminotini zimmasiga olishi mumkin. Aylanma mablagʻni tomonlarning kelishilgan ulushlari hisobidan shakllantirish taklif etiladi. Mahsulotga qoʻyiladigan sifat talablari aniqlanib, bozor narxi va sotish xarajatlari baholanadi. Bu Oʻzbekistonning uskuna va texnik xizmatlar eksportini kengaytiradi, Afgʻonistonda mahalliy qoʻshilgan qiymat va bandlikni oshirishga xizmat qiladi.

    Transport sohasidagi yirik tashabbuslardan biri Transafgʻon temir yoʻlidir. 2025-yil 17-iyulda Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston uning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish boʻyicha uch tomonlama bitim imzoladi. Hujjatda Termiz, Naybobod, Maydanshahar, Logar va Xarlachi orqali oʻtuvchi yoʻnalish nazarda tutilgan. Loyiha amalga oshirilib, Pokiston transport tarmogʻi bilan bogʻlansa, Oʻzbekistonning Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlari kengayadi. Eksportchilar yuk xususiyati, tashish tarifi va yetkazish muddatiga qarab yoʻnalish tanlay oladi. Bu transport yoʻllarini diversifikatsiya qilish va eksport buyurtmalarini bajarishda moslashuvchanlikni oshirishga xizmat qiladi.

    Ushbu imkoniyatdan kichik korxonalar foydalanishi uchun Termizdagi savdo-logistika operatorlari ishtirokida kichik yuk partiyalarini birlashtirib joʻnatish xizmatini rivojlantirishni taklif etish mumkin. Operator eksportchilarning buyurtmalarini qabul qilib, yuklarni yoʻnalish va yetkazish muddatiga qarab birlashtiradi. Saqlash, sovitish, saralash va qadoqlash xizmatlari uchun oldindan eʼlon qilingan tariflar asosida haq toʻlanadi. Bu tashish xarajatlarini bir nechta eksportchi oʻrtasida taqsimlash, meva-sabzavotni saqlashdagi yoʻqotishlarni qisqartirish imkonini beradi. Oʻzbekiston uchun iqtisodiy natija eksportda ishtirok etadigan korxonalar doirasining kengayishi va logistika xizmatlaridan tushadigan daromadning oshishida ifodalanadi.

    Tashish samaradorligi chegaradan oʻtish tartiblariga ham bogʻliq. Bu borada mavjud hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalanish muhim. Xususan, 2026-yil iyulda Oʻzbekiston va Afgʻoniston transport vazirlari oʻrtasidagi muzokaralarda tashuvchilardan undiriladigan yigʻimlarni maqbullashtirish boʻyicha idoralararo ishchi guruhining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishga kelishilgan. Ushbu ishchi guruh doirasida bojxona xizmatlari bilan hamkorlikni kuchaytirish va tadbirkorlar vakillarining takliflarini muntazam muhokama qilish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadga muvofiq. Bunda yuklar haqida oldindan elektron maʼlumot almashish, takroriy hujjat talablarini kamaytirish va tarif oʻzgarishlari toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilish masalalariga eʼtibor qaratish lozim. Korxonalar murojaatlarini tizimli umumlashtirish, muammolar boʻyicha masʼul idoralar va ijro muddatlarini belgilash hamda natijalarni kuzatib borish chegaradan oʻtish jarayonlarining shaffofligini oshiradi. Bu eksportchilarga yetkazib berish muddatlarini aniqroq rejalashtirish, ombor xarajatlarini kamaytirish va aylanma mablagʻlardan samarali foydalanish imkonini beradi.

    Energetika hamkorligi qoʻshma ishlab chiqarishning amaliy tayanchidir. Oʻzbekiston Energetika vazirligining 2025-yil 17-noyabrdagi axborotiga koʻra, afgʻon tomoni bilan 2026-yil uchun elektr energiyasi yetkazib berish shartnomasi imzolangan. Jahon banki elektr taʼminotidagi beqarorlikni Afgʻoniston korxonalari rivojini cheklayotgan omillar қаторида koʻrsatadi. Barqaror elektr taʼminoti uskunalarning toʻxtab qolishini kamaytirib, buyurtmalarni belgilangan muddatda bajarishga sharoit yaratadi. Shu bois qoʻshma korxona loyihalarida elektrga ehtiyoj, tarmoqqa ulanish va texnik xizmat xarajatlarini oldindan hisoblash lozim. Oʻzbekiston uchun bu energiya eksportini sanoat kooperatsiyasi bilan bogʻlash, hamkor korxonalar uchun esa quvvatlardan barqaror foydalanish imkoniyatidir.

    Infratuzilma va ishlab chiqarishni malakali kadrlar bilan taʼminlashda Termizda toʻplangan tajriba ahamiyatli. BMTTDning 2026-yil 25-iyundagi yakuniy axborotiga koʻra, Yevropa Ittifoqi moliyalashtirgan loyiha doirasida 700 nafardan ortiq talaba bakalavriat va maxsus kasbiy tayyorgarlik dasturlaridan foydalanish imkoniga ega boʻlgan. Bitiruvchilarning tadbirkorlik faoliyati uchun mablagʻ va uskunalar ajratilgan. Keyingi dasturlarda korxonalar buyurtmasi asosida mutaxassis tayyorlash, ish joyida amaliyot oʻtash va bitiruvchilarning ishga жойлашишига koʻmaklashish sanoat loyihalarining kadrlarga ehtiyojini qondirishga yordam beradi.

    Taʼlim hamkorligida qizlar va ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirish ham muhim. YUNESCOning 2026-yil avgustdagi maʼlumotiga koʻra, Afgʻonistonda 2,4 million qiz oʻrta taʼlimdan chetda qolgan. Ularning taʼlim olish huquqini tiklash mamlakatning kadrlar salohiyati va oilalar farovonligi uchun zarur. Xalqaro hamkorlikda stipendiya dasturlari va kasbiy tayyorgarlik imkoniyatlarini kengaytirish, xavfsiz oʻqish sharoitlarini yaratish shu maqsadga xizmat qiladi.

    Gumanitar diplomatiya ham tiklanish jarayonini qoʻllab-quvvatlaydi. BMT Qochqinlar ishlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasi 2025-yildan Termizdagi logistika markazini global gumanitar zaxiralar tarmogʻiga kiritgan. Shoshilinch yordamni kasb oʻrgatish va tirikchilik manbalarini tiklash dasturlari bilan uygʻunlashtirish oilalarning mustaqil daromad topishiga koʻmaklashadi.

    Iqtisodiy hamkorlikning samaradorligi qabul qilingan qarorlar va imzolangan kelishuvlar soni bilan emas, avvalo, ularning amaliy natijalari bilan belgilanadi. Shu bois qoʻshma loyihalarning bandlik, tadbirkorlik faoliyati va aholi turmush darajasiga taʼsirini muntazam baholash muhim. Bu borada BMT Bosh Assambleyasining 79/268-son rezolyutsiyasi asosida tashkil etilgan Olmaotadagi Markaziy Osiyo va Afgʻoniston uchun BRM mintaqaviy markazi tajriba almashish, saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va hamkorlik natijadorligini oshirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.

    Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi munosabatlarning istiqboli savdo aloqalarini kengaytirish bilan birga, oʻzaro manfaatli iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga bogʻliq. Oʻzbekistonning bu boradagi tashabbuslari Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faolroq jalb etish, Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash hamda keng mintaqada barqaror taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi mumkin.

    Alisher Azizov,

    «Barqaror rivojlanish markazi» NNT bosh mutaxassisi