So‘nggi yillarda dunyo miqyosida bolalar o‘rtasida noto‘g‘ri ovqatlanish, ortiqcha vazn va oziq moddalar yetishmovchiligi jiddiy muammoga aylanmoqda. Ayniqsa, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni to‘g‘ri tashkil etish nafaqat ijtimoiy, balki strategik ahamiyat kasb etadi. Chunki bolalik davrida shakllangan ovqatlanish odatlari insonning butun hayoti davomida sog‘liq ko‘rsatkichlariga ta’sir ko‘rsatadi.
Shu nuqtayi nazardan, Yaponiyaning ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanish tizimi alohida e’tiborga loyiq. Bu davlatda maktab tushliklari dasturi — “kyūshoku” milliy miqyosda amal qiladi va huquqiy jihatdan mustahkamlangan. Ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanish tizimi “Maktab tushliklari to‘g‘risidagi qonuni” (School Lunch Program Act) asosida tartibga solinadi va bolalar ovqatlanishi ijtimoiy yordam sifatida emas, balki ta’lim va jamoat salomatligi siyosatining ajralmas qismi sifatida qaraladi.
Yaponiya modelida maktab tushliklari faqat kaloriya berish bilan cheklanmaydi. Menyular mutaxassis diyetologlar tomonidan ishlab chiqiladi va bolalarning yosh hamda fiziologik ehtiyojlariga mos ravishda tuziladi. Oqsil, yog‘, uglevod, vitamin va minerallar muvozanati qat’iy nazorat qilinadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, maktab tushliklari o‘quvchilarning kunlik oziq moddalarga bo‘lgan ehtiyojining taxminan uchdan bir qismini tashkil etadi. Bu esa ijtimoiy-iqtisodiy farqlarni qisman yumshatishga xizmat qiladi.
Tizimning yana bir muhim jihati — ovqatlanish jarayoni ta’lim bilan uzviy bog‘langanligidir. Maktablarda tushliklar sinf xonalarida jamoaviy tarzda tashkil etiladi, o‘quvchilar taom tarqatish va yig‘ishtirish jarayonlarida ishtirok etadi. Bu bolalarda mas’uliyat, intizom va oziq-ovqatga nisbatan hurmat madaniyatini shakllantiradi. Shu bilan birga, sanitariya-gigiyena talablari va mahsulot sifati nazorati yuqori darajada ta’minlanadi.
Xalqaro tahlillarga ko‘ra, Yaponiya bolalar orasida ortiqcha vazn jihatidan rivojlangan davlatlar orasida eng past ko‘rsatkichlardan biriga ega. Bu esa ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanish tizimi ilmiy asoslangan va uzoq muddatli siyosatga aylanganligini ko‘rsatadi.
Mazkur model BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan ham uyg‘unlik kasb etadi. Avvalo, u barqaror rivojlanishning ikkinchi — “Ochlikka barham berish va yaxshilangan ovqatlanishni ta’minlash” maqsadiga to‘g‘ridan to‘g‘ri mos keladi, chunki maktab tushliklari barcha bolalar uchun to‘yimli va standartlashgan ovqatlanish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, ushbu tizim barqaror rivojlanishning uchinchi — “Sog‘lom hayot va farovonlikni ta’minlash” maqsadining amaliy ko‘rinishi hisoblanadi, zero bolalik davridagi to‘g‘ri ovqatlanish kelajakda ularning salomatlik ko‘rsatkichlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Yaqinda mamlakatimiz delegatsiyasi — maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash tizimi hamda tegishli idoralar vakillari — Yaponiyada bo‘lib, ushbu tajribani joyida o‘rgandi. Tashrif doirasida maktab va bog‘chalarda sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish amaliyoti, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash mexanizmlari hamda boshqaruv tizimi atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi mutasaddi tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, huquqiy asoslar, sanitariya talablari va mahsulotlar sifati nazorati masalalari muhokama qilindi.
Bu hamkorlik mamlakatimiz uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlanish tizimini takomillashtirish bolalar salomatligiga qaratilgan uzoq muddatli investitsiyadir.
Xulosa qilib aytganda, Yaponiya tajribasi bolalar ovqatlanishi ijtimoiy xizmat emas, balki barqaror rivojlanishning amaliy mexanizmi ekanligini ko‘rsatadi. Bolalar salomatligiga qaratilgan har bir tizimli qadam mamlakatning kelajak salohiyatini belgilaydi.