2026 yil 31 mart kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida talabalar va ish beruvchi tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirish maqsadida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Mazkur tadbir yosh mutaxassislarni mehnat bozoriga integratsiya qilish, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda barqaror bandlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbus sifatida muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda davlat muassasalari, aksionerlik jamiyatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va xususiy sektor vakillari faol ishtirok etdilar. Jumladan, Barqaror rivojlanish markazi ushbu tadbirda faol ishtirok etib, tashkilot faoliyati, ustuvor yo‘nalishlari hamda mavjud imkoniyatlar yuzasidan bitiruvchi kurs talabalari uchun batafsil ma’lumotlar taqdim etdi. Markaz vakillari tomonidan tashkilotning asosiy vazifalari, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, Barqaror rivojlanish markazi vakillari tomonidan bitiruvchi kurs talabalari uchun markaz faoliyatiga oid yo‘nalishlar, jumladan, barqaror rivojlanish maqsadlarini targ‘ib qilish, ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan dasturlar, yoshlar uchun mavjud amaliyot (stajirovka) va ishga joylashish imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi. Tadbir davomida talabalar markaz mutaxassislari bilan bevosita muloqot qilish, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish hamda kelgusida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Barqaror rivojlanish markazining ushbu tadbirdagi ishtiroki alohida ahamiyatga ega bo‘lib, markaz tomonidan yoshlar bandligini ta’minlash, ularning barqaror rivojlanish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda innovatsion yondashuvlarni targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yondashuv yoshlarning nafaqat ish bilan ta’minlanishiga, balki ijtimoiy mas’uliyatli va barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan mutaxassis sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, markaz tomonidan talabalar uchun axborot materiallari tarqatilib, barqaror rivojlanish tamoyillarining zamonaviy mehnat bozoridagi ahamiyati keng yoritildi.
“Karyera kuni” tadbiri Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uzviy bog‘liq holda amalga oshirildi. Xususan, mazkur tashabbus 4-maqsad – Sifatli ta’lim, 8-maqsad – Munosib ish-o‘rinlari va iqtisodiy o‘sish hamda 17-maqsad – Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi. Tadbir doirasida talabalar o‘z kasbiy yo‘nalishlari bo‘yicha ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar, bu esa ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Tashqi siyosat va xalqaro iqtisodiy munosabatlar instituti jamoasi tomonidan Barqaror rivojlanish markaziga alohida minnatdorchilik bildirildi. Yosh avlodni vatanga muhabbat, kasbga sadoqat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan munosib hissasi uchun Markaz jamoasi universitet rahbariyatining TASHAKKURNOMASI bilan taqdirlandi.