Bugungi kunda dunyoda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston muhim amaliy natijalarga erishdi. Xususan, atrof-muhitni yaxshilash bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda. Mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan "Yashil makon"umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekish tizimi joriy etildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Buning natijasida Orol dengizining qurigan tubida 1,5 million gektardan ortiq maydonda yashil qoplamalar barpo etildi.BMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha hisobotlarida qayd etilgan harorat ko‘tarilishi va suv taqchilligi muammolari esa ushbu natijalarni yanada mustahkamlash va mavjud tahdidlarga qarshi tizimli kurashish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi huquqiy va ijtimoiy mas’uliyat masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, aholining havo sifati xalqaro me’yorlarga mos muhitda yashash hamda toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lish huquqi nafaqat milliy qonunchiligimizda, balki global miqyosda ham qat’iy e’tirof etilgan. Biroq, amaliy vaziyat ancha murakkab: O‘zbekiston suv zaxiralarining 80 foizi tashqi manbalarga bog‘liqbo‘lib, transchegaraviy daryolar oqimining kamayib borayotgani mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishni kechiktirib bo‘lmas hayotiy zaruratga aylantirmoqda. Bu esa suv resurslarini birgalikda boshqarish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash borasida yangi va samarali mexanizmlarni joriy etishni talab qiladi.
Havo sifatini yaxshilash va chiqindilarni boshqarishga qaratilgan alohida normalar ham mavjud. Jumladan, havo ifloslanishining 63 foizi transport hissasiga to‘g‘ri kelishi va chiqindilarni qayta ishlash darajasining pastligi ekologik infratuzilmani mustahkamlashga xizmat qiladi. Orol dengizi hajmining 93 foizga qisqarishiva yer degradatsiyasi kabi muammolarni bartaraf etish milliy iqtisodiyot va oziq-ovqat xavfsizligini muhofaza qilishga yordam beradi.
Ekologik inqirozning oldini olish – bu faqat tabiiy jarayon emas, balki boshqaruv tizimini isloh qilish masalasidir. Ushbu jarayonda Barqaror rivojlanishning 6 (Toza suv va sanitariya), 13 (Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash)va 15-maqsadlari (Quruqlikdagi ekotizimlarni asrash) vazifalari bilan bevosita hamohanglikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda davlat tomonidan transchegaraviy suv hamkorligini kengaytirish va “yashil”texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha maxsus chora-tadbirlar ham amalga oshirilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ekologik boshqaruv tizimini takomillashtirish – bu faqat sohaviy vazifa emas, balki mamlakat kelajagining asosiy omillaridan biridir. Chunki tabiiy resurslari muhofaza qilingan va ekologik barqarorlik ta’minlangan jamiyatda farovon rivojlanishga erishish imkoniyati yanada ortib boradi.
Madinabonu Sharifova Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi