Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

“Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

12-03-2026 390

    2026 yil 3 mart kuni Xorazm viloyati malaka oshirish instituti majlislar zalida viloyatning shahar va tumanlari fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida “Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

        Tadbirni fuqarolar yig‘ini raislari malakasini oshirish kurslari rahbari I.Matkarimov kirish so‘zi bilan ochib, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish, mahalla institutining jamiyat hayotidagi ahamiyatini yanada kuchaytirish bugungi islohotlar jarayonida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

        Davra suhbati davomida bir qator ma’ruzalar tinglandi. Jumladan, I.Matkarimov “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarida fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatining huquqiy asoslari” mavzusida ma’ruza qilib, mazkur tizim faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy mexanizmlar va ularning amaliyotdagi ahamiyati haqida atroflicha to‘xtaldi. Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyati bo‘linmasi rahbari, professor Baxtiyor Ruzmetov “O‘zbekiston - 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarni samarali amalga oshirishda “mahalla yettiligi”ning o‘rni va roli” haqida fikr yuritib, mahalla instituti jamiyatni barqaror rivojlantirishda muhim ijtimoiy mexanizm sifatida xizmat qilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, Ma’mun universiteti dots.nti G‘.Sapoyev mahallalarda qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi muammolarini hal etishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, mutasaddilarning aholi oldida hisobot berish tartib-tamoyillari yuzasidan ma’ruza qildi.

        Professor B.Ruzmetov o‘z ma’ruzasida “O‘zbekiston - 2030” strategiyasida belgilangan beshta ustuvor yo‘nalishning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib, ularni amalga oshirishda mahallaning o‘rni muhim ekanini ta’kidladi. Jumladan, har bir insonning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini shakllantirish, shuningdek “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish kabi vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

    “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini amalga oshirish doirasida mahallalarda mavjud muammolarni aniqlash va ularni samarali hal etishga qaratilgan amaliy tavsiyalar berildi. Davra suhbati ishtirokchilarning fikr-mulohazalari hamda savol-javoblar bilan mazmunli va samarali tarzda o‘tdi.

B.Ruzmetov

Barqaror rivojlanish markazi Xorazm    

viloyat bo‘linmasi rahbari professor