Suv va energetika sohasidagi institutsional muvofiqlashtirish 2030 yilga borib mintaqa barqarorligini qanday shakllantiradi?!
Markaziy Osiyoda suv va energiya allaqachon faqat tarmoq doirasidagi tushunchalar bo‘lishdan chiqdi, balki ular bugun qishloq xo‘jaligi, sanoat, budjet barqarorligi hamda investitsion muhitning tayanch infratuzilmasiga aylangan. Aynan suv-energetika kompleksi (SЕK) orqali mintaqa davlatlari o‘rtasida xatarlar taqsimlanadi va shu bilan birga, aynan shu sohada deklarativ integratsiya bilan real iqtisodiy yaqinlashuv o‘rtasidagi chegara yaqqol ko‘zga tashlanadi.
2030 yilga borib savol nihoyatda aniq qo‘yiladi: mintaqa o‘zaro bog‘liqlikni strategik aktiv sifatida boshqara oladimi yoki uni hanuz mavsumiy inqirozlar manbai sifatida qabul qilishda davom etadimi?
Aslida, mintaqa resurslarning mutlaq tanqisligiga duch kelmayapti, aksincha muammo ularning hududiy va mavsumiy nomutanosibligidadir. Xususan, yuqori oqimdagi davlatlar katta gidroenergetik salohiyatga ega bo‘lsa, quyi oqimdagi mamlakatlar barqaror suv ta’minotiga, ayniqsa irrigatsiya ehtiyojlari uchun, bevosita bog‘liq. Natijada yoz mavsumida suvga talab keskin oshib, gidroenergiya ishlab chiqarish ko‘payadi, qish mavsumida esa elektr energiyasiga ehtiyoj ortadi, biroq suv resurslari cheklangan bo‘ladi. Agar ushbu jarayonlar tizimli ravishda muvofiqlashtirilmasa, ortiqcha quvvat zaxiralari shakllanadi, issiqlik energetikasiga yuklama ortadi hamda budjet xarajatlari sezilarli darajada ko‘payadi.
Natijada, mintaqa “nomuvofiqlik uchun qo‘shimcha to‘lov” to‘lashga majbur bo‘ladi. Boshqacha aytganda, institutsional xatar kapital qiymatida aks etib, infratuzilma rivojlanishini sekinlashtiradi.
Shu bois SЕKni institutsionallashtirish — bu tizimli xarajatlarni kamaytirishga qaratilgan muhim iqtisodiy vosita hisoblanadi. U nafaqat siyosiy muloqotni, balki aniq va amaliy mexanizmlarni ham talab qiladi: elektr energiyasining transchegaraviy savdosi uchun shaffof qoidalar, suv va energiya oqimlarini mavsumiy muvozanatlashtirish bo‘yicha kelishilgan grafiklar, yagona hisoblash metodikalari hamda zamonaviy raqamli monitoring tizimlari.
Amaliy nuqtayi nazardan, bu oldindan kelishilgan kompensatsiya mexanizmlari asosida mavsumiy balanslash tizimini joriy etishni anglatadi. Aynan shunday yondashuv potensial inqirozlarni boshqariladigan iqtisodiy jarayonga aylantiradi va tanqislik davrida qo‘lda boshqaruvga ehtiyojni keskin kamaytiradi.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo energotizimlarining parallel ishlashining tiklanishi energiya balansining moslashuvchanligini sezilarli darajada oshirdi. Tizimlararo oqimlarning kengayishi mavsumiy yuklama cho‘qqilarini yumshatib, qimmat zaxiralarga ehtiyojni kamaytirmoqda. Keyingi bosqich sifatida suv va energiya oqimlarini deyarli real vaqt rejimida kuzatishga imkon beruvchi yagona raqamli platformani shakllantirish alohida ahamiyat kasb etadi. Axborot shaffofligi esa, o‘z navbatida, muzokaralardagi tranzaksion xarajatlarni kamaytiradi va o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi.
SЕKning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog‘liqligi ham amaliy ahamiyat kasb etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, suv iste’molining 90 foizigacha qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Shu bois sug‘orish samaradorligini hatto 10–15 foizga oshirish ham yangi gidrotexnik inshootlarsiz katta hajmdagi suvni tejash imkonini beradi. Demak, yo‘qotishlar va samaradorlikni baholashning yagona metodikalarini joriy etish oddiy texnik masala emas, balki mintaqaviy barqarorlikning muhim tarkibiy qismidir.
Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi kun tartibi institutsional yechimlar ahamiyatini yanada oshirmoqda. Xususan, Parij kelishuvi va milliy iqlim majburiyatlari suv hamda energetika siyosatini uyg‘unlashtirishni talab etadi. Aynan institutsional muvofiqlashtirish orqali iqtisodiyotning uglerod sig‘imini kamaytirish, qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish va “yashil” moliyalashtirishni jalb etish mumkin. Shu jihatdan, SЕK mintaqaning iqlim arxitekturasining ajralmas qismiga aylanmoqda.
Ushbu jarayonda O‘zbekiston alohida va muhim rol o‘ynamoqda. 2018 yildan buyon Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari suv-energetika kun tartibiga strategik turtki berib kelmoqda. Mamlakat deklarativ yondashuvlardan amaliy mexanizmlarga o‘tishni izchil ilgari surmoqda, jumladan: mintaqaviy elektr energiya bozori elementlarini rivojlantirish, tizimlararo aloqalarni kengaytirish, suv hisobini raqamlashtirish hamda irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish. Ayniqsa, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish hamda zamonaviy monitoring tizimlarini tatbiq etish nafaqat milliy, balki mintaqaviy barqarorlikka ham sezilarli hissa qo‘shmoqda.
SЕKni institutsionallashtirish mintaqaning investitsion jozibadorligini ham oshiradi. SЕKni institutsionallashtirish mintaqaning investitsion jozibadorligini ham oshiradi. Energotizimlar integratsiyasi va suv boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirish, ayniqsa xalqaro moliya institutlari ishtirokida, kapital qiymatini pasaytirishga xizmat qiladi. Zero, investor uchun shaffof qoidalar — bu boshqariladigan va prognoz qilinadigan xatar demakdir.
2030 yilgacha bo‘lgan istiqbol esa bevosita institutsional qarorlarning chuqurligiga bog‘liq bo‘ladi. Inert ssenariy fragmentar muvofiqlashtirishni saqlab qoladi va tizimli xarajatlarni oshiradi. Qisman integratsiya ayrim xatarlarni kamaytiradi, biroq tizimli zaiflikni to‘liq bartaraf eta olmaydi. To‘liq institutsionallashuv esa aniq va o‘lchanadigan ko‘rsatkichlarni joriy etishni nazarda tutadi: transchegaraviy elektr savdosi hajmi, gidropostlarning raqamlashtirilish darajasi, suv yo‘qotishlarining qisqarishi hamda mavsumiy qarorlarning kelishilganlik chastotasi. Aynan o‘lchovlilik strategiyani real boshqariladigan jarayonga aylantiradi.
Xulosa qilib aytganda, masala institutlar sifatiga borib taqaladi. Suv va energiyani shaffof qoidalar hamda raqamli mexanizmlar asosida birgalikda boshqara oladigan mintaqa sezilarli ustunlikka ega bo‘ladi: kapital qiymati pasayadi, iqlim zarbalariga bardoshlilik ortadi va sanoat rivoji uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.
Shunday qilib, 2030 yilga borib suv-energetika kompleksi (SЕK) Markaziy Osiyo uchun muhim indikatorga aylanadi — mintaqa haqiqatan ham niyatlar muvofiqlashuvidan qoidalar muvofiqlashuviga o‘ta oldimi yoki yo‘qmi, aynan shu orqali aniqlanadi. Bu esa endi faqat tarmoq siyosati emas, balki butun mintaqaning strategik rivojlanish modeli masalasidir.
Jahongir Isayev,
Barqaror rivojlanish markazi
bo‘lim boshlig‘i