Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Kunduzgi ortiqcha issiqlik — kechasi energiya manbai

07-11-2026 182

    Qish faslida issiqxonalarda o‘ziga xos ziddiyat yuzaga keladi:    quyoshli kunlarda ichki havo ortiqcha qizib,    issiqlikning bir qismi ventilyatsiya orqali tashqariga chiqariladi,    kechasi esa haroratni saqlash uchun yana gaz yoki elektr energiyasi sarflanadi. Ya’ni kunduzi ortiqcha bo‘lgan issiqlik yo‘qotiladi, bir necha soat o‘tib esa yana yangi energiya hisobiga issiqlik hosil qilishga to‘g‘ri keladi.

    Bu muammoni hal qilish uchun kunduzgi ortiqcha issiqlikni yig‘ib, saqlab, kechasi yana issiqxonaga qaytarish mumkin. Buning uchun issiqxona havosidagi ortiqcha issiqlik maxsus issiqlik almashinuvchi qurilma orqali suvga o‘tkaziladi. Qizigan suv izolatsiyalangan bakda saqlanadi.    Kechasi havo soviganda esa ushbu energiya issiqlik nasosi yordamida issiqxonani isitish uchun qayta ishlatiladi. Shu tariqa kunduzi tashqariga chiqib ketishi mumkin bo‘lgan issiqlik tungi energiya manbaiga aylanadi. Texnologiya ventilyatsiya bilan birgalikda ishlashi sabab ortiqcha namlikni kamaytirish va issiqxona mikroklimatini barqarorlashtirishga ham yordam beradi.

    Ushbu yondashuv 2026-yilda Xitoyning Pekin shahri Pingu tumanida amaldagi issiqxonada dala sharoitida sinovdan o‘tkazilgan. Qishki kuzatuvlar 2023-yil 16-dekabrdan 2024-yil 20-yanvargacha davom etgan. Kunduzgi soatlarda issiqlik yig‘ilib, tungi vaqtda issiqxonaga qaytarilgan.

    Natijada isitish rejimida samaradorlik koeffitsienti 4,8 ni tashkil etgan. Sodda aytganda, sarflangan har 1 kVt·soat elektr energiyasi hisobiga taxminan 4,8 kVt·soat issiqlik olingan. Tunda issiqxona harorati isitishsiz holatga nisbatan o‘rtacha 4,4°C yuqori bo‘lgan.    Mualliflarning mahalliy energiya tariflari asosidagi hisob-kitobiga ko‘ra,    ekspluatatsiya xarajatlari ko‘mirli isitishga nisbatan 47,5 foiz,gazli isitishga nisbatan 64,8 foiz kam bo‘lgan.    Yozgi rejimda esa texnologiya tabiiy ventilyatsiyaga nisbatan ichki havo haroratini o‘rtacha 3°C ga pasaytirgan.

    O‘zbekiston uchun texnologiyaning qiziq jihati — qishda quyoshli kun va sovuq tun o‘rtasidagi harorat farqidan samarali foydalanish imkoniyatidir. Kunduzi issiqxonada to‘plangan ortiqcha issiqlikni saqlash kechki va tungi soatlarda gaz yoki elektrga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishga xizmat qilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2026-yil 13-oktyabrdagi PQ–371-son qarori ham energiya samarador va ekologik toza isitish texnologiyalarini joriy etishni rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni belgilagan.

    Shu bois texnologiyani,    avvalo,    Toshkent viloyatidagi zamonaviy sabzavot issiqxonalaring birida sinov tarzida amalga oshirish maqsadga muvofiq. Bunda gaz va elektr sarfi,     tungi harorat, namlik rejimi,1 m² maydonga to‘g‘ri keladigan energiya xarajati,    hosildorlik hamda investitsiyaning qoplanish muddati an’anaviy isitish tizimi bilan qiyoslanishi lozim. Agar sinov natijalari texnik va iqtisodiy samaradorlikni tasdiqlasa,    texnologiyani boshqa issiqxona xo‘jaliklariga kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqish mumkin.

    Alisher Azizov,

    “Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi