Shu kunlarda Qohira shahridagi “Al-Vefaq” (“Dar al-Wefaq Publishing & Distribution”) nashriyotida iroqlik adib Ahmad Jasim Zubaydiyning “Ma’naviyat – Yangi O‘zbekistonning Zuhro yulduzi. Islom – insoniylik, bilim va ma’rifat falsafasi” nomli kitobi nashrdan chiqdi.
Yozuvchi Ahmad Zubaydiyning mazkur asarning mazmun va mohiyatiga bag‘ishlangan “Ma’naviyat – Yangi O‘zbekistonning Zuhro yulduzi” nomli maxsus maqolasi birin-ketin arab dunyosining yetakchi mediaplatformalari — Iroqning “Saut al-Irak”, Misrning “Al-Yum as-Sabea”, Jazoirning “Al-Qayid nyuz” gazetalarida, shuningdek, arab tilidagi qator ijtimoiy sahifalarda e’lon qilindi.
Maqolada qayd etilishicha, mazkur asar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning insonparvarlik, ma’naviy, ilmiy-ma’rifiy sohada olib borayotgan siyosatining tub mohiyati va falsafasiga bag‘ishlangan.
“Bu asar oddiy voqealar solnomasi emas, balki O‘zbekiston davlati rahbarining xalqlar o‘rtasida insoniylik, tinchlik va hamkorlik tamoyillarini mustahkamlash bo‘yicha ilgari surgan global tashabbuslarining jahon mamlakatlari kelajagi uchun qanchalik muhim va strategik ahamiyatga ega ekani haqidagi teran mushohadadir. Zero, bugungi O‘zbekiston nafaqat buyuk o‘tmishning vorisi, balki insoniyat hayotida ijobiy o‘zgarish yaratayotgan tarixiy tashabbuslar manzil-makoni hamdir”, – deya e’tirof etadi maqola muallifi.
Xususan, “Al-Vefak” nashriyotining bosh direktori – Doktor Abud Mustafa Abudningso‘zlariga ko‘ra, “Shu kunlarda Yaqin Sharqda sodir bo‘layotgan qonli mojarolar dunyo hamjamiyatini yana bir bor jiddiy o‘yga toldirdi. Bu voqelik Janob Oliylari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonch, totuvlik va bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan global tashabbuslarining naqadar dolzarb va umumbashariy ahamiyatga ega ekanini yaqqol namoyon etmoqda”.
Doktor Abud Mustafa o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida “Men shunday buyuk va aziz inson – Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosatga bag‘ishlangan mazkur kitobning bizning nashriyomizda chop etilganidan behad xursandman. Zero, O‘zbekiston rahbarining ezgu g‘oyalari hamda ushbu mamlakat qadimiy allomalarining benazir ma’naviy merosi aks etgan mazkur asarni dunyo ahliga yo‘naltirilgan ezgu bir murojaat deb bilaman” – deb qayd etdi.
Kitob muallifi Ahmad Zubaydiyning so‘zlariga ko‘ra, arab olamida O‘zbekiston davlatining ichki va tashqi siyosati katta hurmat va e’tibor bilan kuzatilmoqda. Bugun Markaziy Osiyoning qoq yuragida abadiy qadriyatlar — or-nomus, inson sha’ni va ma’naviy kamolot yana jonlanmoqda. Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari tufayli mintaqa davlatlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Zero, global xavfsizlikni ta’minlashning eng ishonchli yo‘li — bu qarama-qarshilikni chuqurlashtirish emas, balki umumiy qadriyatlar va mushtarak manfaatlar atrofida birlashishdir.
Bugun O‘zbekiston davlati global ravishda ilm-fan, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini ilgari surmoqda. Shu nuqtayi nazardan, davlat rahbari inson huquq va erkinliklarini eng oliy qadriyat deb biluvchi buyuk gumanist sifatida, shuningdek, asrlar davomida shakllangan ma’naviy an’analar bilan zamonaviy dunyoviy davlat tamoyillari o‘rtasida muvozanatni ta’minlovchi Konstitutsiya kafili sifatida namoyon bo‘lmoqda.
“Aniq misollar orqali bugungi zamonaviy jamiyat sharoitida ham ma’naviy qadriyatlar fundamental ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatishga harakat qildim. Bu yondashuv zamirida ma’naviyatni fuqarolik jamiyati va madaniyatlararo muloqot tamoyillari bilan uyg‘unlashishga qodir ijodkor kuch manbai sifatida anglash yotadi. Bu yerda e’tiqod ajratish omili emas, balki birlashuv va ochiqlik makoni sifatida namoyon bo‘ladi”, – deb ta’kidlaydi asar muallifi.
O‘zbekistonda islomning asl, insonparvarlik mohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yoshlarni tarbiyalashda O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi muassasalar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekistonda Prezidentning shaxsiy tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu dargohlar mamlakat taraqqiyotining “Zuhro yulduzi”ga aylangan.
Ishonamanki, kitob xalqlar va madaniyatlararo muloqotga munosib hissa qo‘shadi va tadqiqotchilar, diplomatlar, jurnalistlar, tadbirkorlar hamda buyuk g‘oyalar qanday qilib ilm-ma’rifat va ziyo orqali hayotda amaliy ifoda topayotganini ko‘rishni istagan barcha uchun foydali bo‘ladi, – deb qayd etiladi maqolada.
Muallifning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kitob o‘zbekistonlik arabshunoslar bilan yaqin hamkorlikda o‘zbek tilida nashrga tayyorlanmoqda.
Siyosatshunos,
Dilnoza Kayumova