2026 yil 7 fevral kuni Poytaxtimizda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Shanxay Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi Barqaror rivojlanish markazi bilan hamkorlikda “Markaziy va Janubiy Osiyo: tarixiy aloqalar, zamonaviy hamkorlik va taraqqiyot istiqbollari”mavzusida ilmiy xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy, madaniy, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni kompleks ilmiy tahlil qilish, shuningdek, globallashuv sharoitida mintaqalararo hamkorlikning yangi format va mexanizmlarini aniqlash hamda istiqbolli tashabbuslarni muhokama qilishga qaratilgan.
Davra suhbatining asosiy maqsadi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tarixiy-madaniy meros, ilm-fan, ta’lim, savdo-iqtisodiy va geosiyosiy munosabatlarni chuqur o‘rganish, mavjud muammolarni ilmiy nuqtayi nazardan tahlil qilish hamda ularning yechimlariga doir ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
Anjumanda quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy ma’ruzalar va muhokamalar o‘tkazildi, jumladan:
Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi tarixiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy aloqalar;
Ipak yo‘li sivilizatsiyasi va mintaqalararo integratsiya jarayonlarining tarixiy va zamonaviy jihatlari;
Til, adabiyot va madaniyatlararo muloqotning dolzarb masalalari;
Ta’lim, ilm-fan va akademik almashinuv sohasidagi hamkorlik istiqbollari;
Mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyot masalalari.
Xalqaro davra suhbati doirasida Pokistonlik yozuvchi Muhammad Abbos Xon o‘zining urdu tilida yaratilgan “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” nomli asarini Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyevaga tantanali tarzda taqdim etdi.
Mazkur voqea xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekistonda shakllanayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasining xalqaro intellektual jamoatchilik tomonidan e’tirof etilayotganini namoyon etuvchi muhim ilmiy hodisa sifatida baholanmoqda.
Davra suhbati o‘zbek va ingliz tillarida gibrid formatda o‘tkazilib, unda mahalliy va xorijiy olimlar,tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar hamda sohaviy mutaxassislar ishtirok etdilar.
Ushbu anjuman Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni ilmiy jihatdan asoslash, akademik muloqotni mustahkamlash hamda mintaqalararo ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.