Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Suv diplomatiyasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

11-11-2026 1402

    2026-yil 10-noyabr kuni Suv sohasida barqaror rivojlanish markazida «Transchegaraviy suv resurslaridan samarali foydalanish va suv diplomatiyasini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida Ekspertlar kengashining III yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Oʻtkir Sheraliyev, Shvetsiyaning Uppsala universiteti professori Ashok Svayn, «Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti («TIQXMMI» MTU) vakillari hamda Barqaror rivojlanish markazi boʻlim boshligʻi Avazbek Xalbekov ishtirok etib, mintaqaviy suv hamkorligi va suv diplomatiyasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

    A. Xalbekov oʻz maʼruzasida suv resurslaridan oqilona foydalanishning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik samaradorligini kompleks baholash, suv taqsimotida davlatlarning oʻzaro manfaatlarini inobatga olish hamda fanlararo yondashuv asosida «Transchegaraviy suv resurslarini samarali boshqarish va hududiy taqsimlash matritsasi»ni ishlab chiqish boʻyicha amaliy takliflarni ilgari surdi.

    Mazkur yondashuv transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishda iqtisodiy manfaatlar, ijtimoiy ehtiyojlar va ekologik barqarorlik oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlash, shuningdek, davlatlararo kelishilgan, oʻzaro manfaatli va ilmiy asoslangan suv boshqaruvi siyosatini shakllantirishga qaratilgan.

    Uchrashuv yakunida ishtirokchilar transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.