Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

O‘zbekiston–Pokiston hamkorligining strategik transformatsiyasi

12-03-2026 390

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklikning sifat jihatidan yangi bosqichiga olib chiqqan muhim siyosiy voqea sifatida baholanadi. Mazkur tashrif nafaqat ikki tomonlama hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamladi, balki Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirishga qaratilgan keng qamrovli mintaqaviy kun tartibini ham shakllantirdi.

    Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston–Pokiston strategik sherikligini uzoq muddatli manfaatlar, o‘zaro ishonch va pragmatik yondashuv asosida rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar so‘nggi yillarda siyosiy muloqotning faollashgani, parlamentlararo va idoralararo aloqalar kengayib borayotgani hamda bu jarayonlar o‘zaro ishonchni mustahkamlayotganini alohida ta’kidladilar. Bu, o‘z navbatida, ikki mamlakat munosabatlarining tizimli va barqaror tus olayotganidan dalolat beradi.

    Tashrifning eng muhim institutsional natijalaridan biri Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘ldi. Ushbu mexanizm ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish, ustuvor yo‘nalishlarni belgilash va qabul qilingan qarorlarning amaliy ijrosini ta’minlashga xizmat qiladigan doimiy platforma sifatida shakllantirildi.

    Iqtisodiy hamkorlik masalalari muzokaralar markazida bo‘ldi. Tomonlar o‘zaro savdo hajmini yaqin istiqbolda 2 milliard AQSH dollariga yetkazish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, sanoat, farmatsevtika, to‘qimachilik, elektrotexnika va boshqa strategik sohalarda umumiy qiymati 3,5 milliard dollarga teng bo‘lgan qo‘shma loyihalar portfelini amalga oshirish bo‘yicha aniq maqsadlarni belgilab oldilar. Bu rejalar iqtisodiy hamkorlikni xom ashyo savdosidan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat va innovatsion loyihalar sari yo‘naltirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Xavfsizlik va mudofaa sohalaridagi hamkorlik ham strategik sheriklikning muhim tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘ldi. Harbiy va harbiy-texnik yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish, tajriba almashish hamda ushbu sohada alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish to‘g‘risida erishilgan kelishuvlar mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan umumiy yondashuv mavjudligini ko‘rsatadi. Ayniqsa, terrorizm, ekstremizm va transmilliy xavf-xatarlarga qarshi kurashishda hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari alohida ahamiyat kasb etdi.

    Transport va logistika sohasidagi kelishuvlar tashrifning geoiqtisodiy ahamiyatini yanada oshirdi. Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish hamda “Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi tranzit salohiyatini oshirish, mintaqaviy savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Bu loyihalar O‘zbekistonning ochiq va bog‘langan mintaqaviy makon shakllantirishga qaratilgan tashqi siyosiy strategiyasi bilan ham uyg‘unlashadi.

    Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha Qo‘shma deklaratsiya hamda savdo-iqtisodiy, sanoat, qishloq xo‘jaligi, geologiya, farmatsevtika, to‘qimachilik, raqamli texnologiyalar, ekologiya, madaniyat, ta’lim, sport, xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurashish sohalarini qamrab olgan 30 ga yaqin ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Bu hujjatlar O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarining huquqiy va institutsional asoslarini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tardi.

    Madaniy-gumanitar hamkorlik tashrifning muhim va ramziy ahamiyatga ega qismi bo‘ldi. Islomobod shahridagi ko‘chalardan biriga Toshkent nomi berilishi hamda buyuk davlat arbobi va mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur nomida bog‘ barpo etish to‘g‘risidagi qarorlar ikki xalqni bog‘lab turgan chuqur tarixiy, ma’naviy va madaniy aloqalarning yorqin ifodasi sifatida namoyon bo‘ldi. O‘zbekiston madaniyati haftaliklari, kino kunlari va Boburiylar merosini o‘rganishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Ta’lim va fan sohasidagi hamkorlik ham strategik sheriklikning muhim ustuni sifatida e’tirof etildi. Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universiteti tomonidan O‘zbekiston Prezidentiga faxriy doktor va professor unvonlarining berilishi davlat rahbarining ta’lim, innovatsiya va xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasiga berilgan yuksak xalqaro bahodir.

    Mazkur davlat tashrifi O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarini strategik sheriklik darajasida yanada chuqurlashtirish, hamkorlikni yangi mazmun va yo‘nalishlar bilan boyitish hamda ikki mamlakatning mintaqaviy va xalqaro maydondagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlashini mustahkamlash yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi. Qabul qilingan qarorlar va imzolangan hujjatlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli rivojlantirish uchun mustahkam strategik poydevor yaratdi.