Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Oʼzbekiston–Pokiston: Mintaqaviy bogʼliqlik, oʼzaro manfaat va izchil taraqqiyot strategiyasi

12-03-2026 390



    Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Pokiston Islom Respublikasiga rejalashtirilayotgan rasmiy tashrifi mamlakatimiz tashqi siyosatida Markaziy va Janubiy Osiyoni oʼzaro bogʼlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning navbatdagi muhim bosqichi boʼladi. Bu tashrif ikki davlat oʼrtasidagi hamkorlikni yangi sifat darajasiga koʼtarish, iqtisodiy, ijtimoiy transport, energetika sohalarda oʼzaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash orqali barqaror rivojlanishga qaratilgan aniq natijalarni koʼzda tutadi.

    Bugungi kunda jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar tizimi chuqur transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. Savdo yoʼlaklari qayta shakllanmoqda, energetika xavfsizligi va oziq-ovqat taʼminoti masalalari birinchi oʼringa chiqmoqda, iqlim oʼzgarishi esa davlatlardan yakka harakat emas, balki hamkorlikni talab qilayotgan global chaqiriqqa aylanmoqda.

    Jahon bankining hisob-kitoblariga koʼra, soʼnggi besh yil ichida global logistika xarajatlari oʼrtacha 25–30 foizga oshgan, bu esa dengizga chiqish imkoniyati cheklangan davlatlar uchun yangi transport yoʼlaklarini izlashni strategik zaruratga aylantirdi.

    Аna shunday sharoitda Oʼzbekiston tashqi siyosati ochiqlik, pragmatizm va oʼzaro manfaat tamoyillariga asoslanib, yaqin va qoʼshni mintaqalar bilan bogʼliqlikni mustahkamlashni strategik ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Prezident Shavkat Mirziyoev taʼkidlaganidek: “Oʼzbekiston tashqi siyosatining asosiy maqsadi — atrofimizda tinch, barqaror va iqtisodiy jihatdan oʼzaro bogʼliq makonni shakllantirishdir”.

    Pokiston aynan shu strategik mantiqiy zanjirda muhim oʼrin tutadi. Geografik joylashuvi, katta ichki bozori va port infratuzilmasiga egaligi bilan u Oʼzbekiston uchun Janubiy Osiyoga chiqishda ishonchli hamkor sifatida namoyon boʼlmoqda.

    Oʼzbekiston–Pokiston munosabatlarining siyosiy asosi oʼzaro hurmat, suverenitet va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga tayanadi. Bu munosabatlar faqat ikki davlat manfaatlari bilan cheklanib qolmay, balki butun mintaqa xavfsizligiga taʼsir etuvchi omilga aylanmoqda.

    Аfgʼoniston masalasi bu hamkorlikning eng muhim sinov nuqtalaridan biri hisoblanadi. Oʼzbekiston va Pokiston bu mamlakatni xavf manbai emas, balki iqtisodiy integratsiya orqali barqarorlikka olib chiqish mumkin boʼlgan hudud sifatida koʼradi. Bu yondashuv yopiqlik siyosati emas, balki rivojlanishga qaratilgan pragmatik siyosatdir.

    Prezident Sh.M. Mirziyoev BMT minbarida shunday taʼkidlagan edi: “Аfgʼonistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb etmasdan turib, barqaror tinchlikka erishib boʼlmaydi”.

    Bu pozitsiya Oʼzbekistonning tinchlik, xavfsizlik va samarali institutlarga qaratilgan milliy ustuvor maqsadlari bilan toʼliq uygʼun.

    Hozirgi kunda Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasidagi tovar aylanmasi hali mavjud salohiyatga toʼliq javob bermaydi. Biroq Jahon bankining tahlillariga koʼra, transport xarajatlari kamaygan taqdirda ikki davlat oʼrtasidagi savdo hajmi 2–3 barobargacha oshishi mumkin.

    Iqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda, Pokiston Oʼzbekiston uchun faqat yangi bozor emas, balki Janubiy Osiyo iqtisodiy makoniga ochiladigan eshikdir. 240 milliondan ortiq aholiga ega ushbu davlat Oʼzbekiston sanoati uchun ulkan isteʼmol bozorini taqdim etadi.

    Аyniqsa, tayyor toʼqimachilik mahsulotlari, oziq-ovqat, qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, farmatsevtika va kimyo sanoati sohalarida hamkorlik qilish yuqori qoʼshilgan qiymat yaratish imkonini beradi. Bu sohalarda qoʼshma korxonalar tashkil etish minglab yangi ish oʼrinlari yaratish, eksport hajmini oshirish, texnologik almashinuvni kuchaytirishga xizmat qiladi.

    Prezident Mirziyoev taʼkidlaganidek: “Iqtisodiy hamkorlik xalq farovonligini oshirishga xizmat qilmasa, u oʼz mazmunini yoʼqotadi”.

    Oʼzbekiston tashqi savdosidagi asosiy cheklovlardan biri — dengiz portlariga chiqish imkoniyatining yoʼqligi hisoblanadi. Bu logistika xarajatlarini oshiradi, eksport mahsulotlarining raqobatbardoshligini pasaytiradi.

    Xalqaro ekspertlarning maʼlumotlariga koʼra, transport yoʼlaklariga kiritilgan har bir dollar sarmoya oʼrtacha 4 dollarlik iqtisodiy samara beradi. Transafgʼon temir yoʼl yoʼnalishlari amalga oshirilgan taqdirda Oʼzbekistonning dengiz portlariga chiqish masofasi 30–40 foizga qisqaradi, yuk tashish muddati bir necha haftadan 10–12 kungacha kamayadi.

    Bu esa mamlakat eksport mahsulotlarining raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshiradi.

    Pokiston portlari orqali Janubiy Osiyo va Hind okeani bozorlariga chiqish imkoniyati esa vaziyatni tubdan oʼzgartiradi. Transafgʼon temir yoʼl va avtomobilь yoʼlaklari amalga oshirilgan taqdirda yuk tashish muddatlari keskin qisqaradi, transport xarajatlari kamayadi, Oʼzbekiston tranzit davlat sifatida yangi iqtisodiy rolь kasb etadi.

    Sh.M. Mirziyoevning: “Transport kommunikatsiyalari iqtisodiy taraqqiyot bilan birga tinchlikni ham mustahkamlaydi”,

degan fikri bu yoʼnalishning strategik ahamiyatini ochib beradi.

    Xalqaro energiya agentligi maʼlumotlariga koʼra, 2030 yilga borib Markaziy va Janubiy Osiyoda energiyaga boʼlgan talab hozirgi koʼrsatkichlarga nisbatan 30 foizdan ortiq oʼsadi. Shu bois qayta tiklanadigan energiya manbalariga oʼtish strategik zaruratga aylanmoqda.

    Iqlim oʼzgarishi, suv resurslarining qisqarishi va energiyaga boʼlgan talabning oʼsishi Oʼzbekiston va Pokistonni oʼxshash muammolarga toʼqnash keltirmoqda. Bu muammolarni yakka tartibda hal etish imkoni yoʼq, ular mintaqaviy hamkorlikni talab qiladi.    

    Oʼzbekiston soʼnggi yillarda “yashil energetika” sohasida yirik loyihalarni boshladi, Pokiston esa quyosh va shamol energetikasida amaliy tajribaga ega. Qayta tiklanadigan energiya manbalari, energiya samaradorligi va “yashil iqtisodiyot” sohalarida qoʼshma loyihalar amalga oshirish energiya xavfsizligini mustahkamlaydi, importga qaramlikni kamaytiradi, ekologik barqarorlikni taʼminlaydi.

    Siyosiy kelishuvlar va iqtisodiy shartnomalar muhim. Аmmo munosabatlarni uzoq muddatli qiladigan eng asosiy omil — insonlar oʼrtasidagi aloqalardir. BMT Taraqqiyot dasturining hisobotlariga koʼra, taʼlim va inson kapitaliga kiritilgan sarmoya uzoq muddatli iqtisodiy oʼsishning 50 foizdan ortiq qismini taʼminlaydi. Shu nuqtai nazardan taʼlim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik Oʼzbekiston–Pokiston munosabatlarining aynan shu insoniy poydevorini mustahkamlaydi.    

    Talabalar almashinuvi, qoʼshma ilmiy tadqiqotlar, madaniy forumlar va turizm oqimining oshishi ikki xalq oʼrtasidagi oʼzaro ishonchni chuqurlashtiradi. Bu esa strategik sheriklikni siyosiy sikllarga bogʼliq boʼlmagan barqaror munosabatga aylantiradi.

    Oʼzbekiston Prezidentining Pokistonga rejalashtirilayotgan rasmiy tashrifi ikki davlat munosabatlarida navbatdagi diplomatik voqea emas, balki Markaziy va Janubiy Osiyo oʼrtasida barqaror, oʼzaro bogʼliq va taraqqiy etgan makonni shakllantirishga qaratilgan qatʼiy siyosiy irodaning ifodasidir. Bu tashrif iqtisodiy oʼsish, transport bogʼliqligi, energetika xavfsizligi va inson kapitali rivojini uygʼunlashtirgan holda Oʼzbekistonning milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.

Elyorjon Saminov

Barqaror rivojlanish markazi direktori

Manba