O‘zbekistonning nufuzli “Iqtisodiy taraqqiyot va tahlil” ilmiy-elektron jurnalining 2026 yil mart oyidagi 3-sonida Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Avazbek Xalbekovning “Mintaqani barqaror rivojlantirishga bo‘lgan ilmiy qarashlar evolyutsiyasi” mavzusidagi ilmiy maqolasi chop etildi.
Mazkur maqolada mintaqalarni barqaror rivojlantirish masalalariga oid ilmiy qarashlarning shakllanish va rivojlanish bosqichlari atroflicha tahlil qilingan. Xususan, barqaror rivojlanish g‘oyasining turli davrlardagi nazariy asoslari, iqtisodiy va ijtimoiy omillar bilan bog‘liq jihatlari hamda mintaqaviy taraqqiyotga ta’sir etuvchi asosiy omillar ilmiy jihatdan o‘rganilgan.
Shuningdek, maqolada barqaror rivojlanish tushunchasining ilmiy-amaliy mazmuni bosqichma-bosqich shakllanganligi va uning zamonaviy iqtisodiy tizimlarda tutgan o‘rni yoritilgan. Muallif tomonidan barqaror rivojlanish nazariyasining evolyutsion rivojlanish jarayoni, uning klassik va zamonaviy yondashuvlari hamda mintaqalar iqtisodiy barqarorligini ta’minlashdagi ahamiyati asoslab berilgan.
Tadqiqot doirasida mintaqaviy rivojlanishga ta’sir etuvchi omillar iqtisodiy resurslar, infratuzilma imkoniyatlari, aholi salohiyati, innovatsion faollik hamda institutsional muhit kabi ko‘rsatkichlar tahlil qilingan. Ushbu omillarning o‘zaro uyg‘un rivojlanishi mintaqaning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekani ko‘rsatib o‘tilgan.
Maqolada, barqaror rivojlanish nazariyasining turli bosqichlarida ilgari surilgan ilmiy g‘oyalar va konsepsiyalar tahlil qilinib, ularning amaliyotda qo‘llanilishi imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Mintaqalarni rivojlantirishda ilmiy yondashuvlarni qo‘llash orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, resurslardan samarali foydalanish va ijtimoiy barqarorlikka erishish imkoniyatlari ilmiy jihatdan asoslangan.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mintaqani barqaror rivojlantirishga doir ilmiy qarashlarni chuqur o‘rganish va ularni amaliyotga tatbiq etish hududlar iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, ijtimoiy farovonlikni oshirish hamda milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini kuchaytirishda muhim omil hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, maqolada mintaqalarni barqaror rivojlantirishda zamonaviy ilmiy yondashuvlardan samarali foydalanish va boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surilgan.