Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Mamlakat barqaror rivojlanishini ta’minlashda hududlar iqtisodiy salohiyatining roli va ustuvor ahamiyati

13-04-2026 390

Nufuzli International Conference of Science & Technology xalqaro ilmiy nashrida Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Avazbek Xalbekovning “Mamlakat barqaror rivojlanishini ta’minlashda hududlar iqtisodiy salohiyatining roli va ustuvor ahamiyati” mavzusidagi ilmiy maqolasi chop etildi.

Mazkur maqolada hozirgi global iqtisodiy transformatsiya sharoitida barqaror rivojlanishni ta’minlashda hududlar iqtisodiy salohiyatining o‘rni va ahamiyati atroflicha tahlil qilingan. Xususan, mamlakat iqtisodiyotida hududlar o‘rtasidagi rivojlanish farqlari, ularning iqtisodiy o‘sishga ta’siri hamda mazkur nomutanosibliklarni bartaraf etishning ilmiy-amaliy jihatlari o‘rganilgan.                        

Shuningdek, maqolada barqaror rivojlanish tushunchasining zamonaviy iqtisodiy mazmuni yoritilib, u nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki aholi turmush darajasi, ijtimoiy tenglik, institutsional samaradorlik kabi omillarni qamrab oluvchi kompleks jarayon ekanligi asoslab berilgan.                        

Tadqiqot doirasida hudud iqtisodiy salohiyatining tarkibiy elementlari — tabiiy resurslar, ishlab chiqarish va infratuzilma imkoniyatlari, inson kapitali, innovatsion salohiyat hamda institutsional muhit omillari chuqur tahlil qilingan. Ularning o‘zaro uyg‘un rivojlanishi hudud iqtisodiyotining barqaror o‘sishini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani ko‘rsatib o‘tilgan.                        

Maqolada, hududlar iqtisodiy salohiyatini baholashning zamonaviy usullari, jumladan resurslarga asoslangan yondashuv, reyting usuli va integral indekslardan foydalanish amaliyoti ko‘rib chiqilgan. Yevropa mamlakatlari tajribasi misolida “iqtisodiy salohiyat indeksi” orqali hududlarni kompleks baholash mexanizmlari yoritilgan.                        

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, hududlar iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish mamlakatda barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish hamda milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini kuchaytirishning muhim omili hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, maqolada hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy nomutanosibliklarni kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish va ilmiy asoslangan boshqaruv mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surilgan.