2026 yil 6 aprel kuni Toshkent shahrida mahalla raislari ishtirokida “O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida mahalla tizimining o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Tadbirda jamiyatni barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va davlat boshqaruvini xalqchil tamoyillar asosida takomillashtirishda mahalla institutining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, mahalla tizimi joylarda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish, aholi bilan manzilli ishlash hamda davlat siyosati ijrosini ta’minlashda muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, “mahalla yettiligi” tizimi aholi muammolarini joyida va tezkor hal etish, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash hamda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishda samarali mexanizm sifatida baholandi. Ushbu tizim hududlardagi muammolarni aniqlash va ularga manzilli yechimlar ishlab chiqish imkoniyatlarini kengaytirgani ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mahalla institutini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim strategik qaror sifatida e’tirof etildi.