Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

“Yashil makon” umummilliy loyihasi: Ekologik barqarorlik va strategik marralar

13-04-2026 390

O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi bugun o‘z mevalarini bera boshladi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Milliy dendrologiya bog‘iga asos solinishi mamlakatimizni yashil o‘lkaga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. So‘nggi yillarda respublikada yashillik darajasining 8 foizdan 14,2 foizga ko‘tarilgani ushbu xayrli ishlarning samaradorligini ko‘rsatib turibdi.                        

Tog‘, cho‘l va adirlarda 256 ming gektar yangi o‘rmonzorlar barpo etilgani hududlardagi bioxilma-xillikni tiklashda muhim poydevor bo‘ldi. Bu natijalar izchil olib borilgan islohotlar samarasidir: birgina o‘tgan yilda Xo‘jayli, Yangibozor va Ohangaron kabi tumanlarda yiliga 5,5 million tup ko‘chat yetishtiradigan zamonaviy ko‘chatxonalar ishga tushirildi.                        

Xitoy tajribasi asosida Arnasoy, Qorako‘l va Nukus kabi tumanlarda ilk bor 50 gektarmaydonda suvsizlikka chidamli galofit bog‘larining yaratilishi sho‘rlanishga qarshi kurashda yangi bosqichni boshlab berdi. 2026 yilgi rejalarga ko‘ra, “Men ham ko‘chat ekaman” tashabbusi doirasida 75 million tupdan ziyod daraxt va buta ko‘chatlari ekilgani jamiyatimizda ekologik madaniyat yuksalayotganidan dalolat beradi.                        

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar va “Yashil makon” umummilliy loyihasining yangi bosqichi doirasida mamlakatimizda umumiy yashillik darajasini 30 foizga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlarni esa 10 kvadrat metrgayetkazish bo‘yicha katta marralar belgilab olindi. Buning uchun Surxondaryoda 10 ming gektarlik “yashil makon”, Sirdaryoda esa 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpog‘istonda 1 million gektar, Navoiy va Buxoroda esa 300 ming gektardan yangi o‘rmonzorlar tashkil qilinishi belgilangan.                        

Ushbu islohotlarning muhim jihati shundaki, endilikda sohaga ilmiy yondashuv va jamoatchilik ishtiroki yanada kengaytirilmoqda. Joriy yildan har bir hududda “yashil” texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, yiliga 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash boshlanadi. “Mening bog‘im” dasturi doirasida loyihalarni moliyalashtirish miqdorining 400 million so‘mdan oshirilishi esa aholining o‘z yashash hududini obodonlashtirishdagi faolligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.                        

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bugun yaxshi niyat bilan ekilayotgan har bir nihol — bu nafaqat toza havo va sog‘lom muhit, balki kelajak avlod uchun qoldirilayotgan eng qimmatli merosdir.                    

Barqaror rivojlanish markazi matbuot xizmati