Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

“Uchinchi Renessans – taraqqiyot kontsepti Pokiston nigohida” mavzusidagi xalqaro muloqot taraqqiyotga qoʼyilgan qadam

12-03-2026 390

2026 yil 30 yanvarь kuni poytaxtimizda “Uchinchi Renessans – taraqqiyot kontsepti Pokiston nigohida” mavzusida xalqaro davra suhbati onlayn va oflayn formatda yuqori saviyada tashkil etildi.    

    Mazkur anjuman Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Barqaror rivojlanish markazi hamkorligida oʼtkazilib, unda Oʼzbekiston parlamenti aʼzolari, siyosatshunos olimlar, pokistonlik jamoat arboblari, xalqaro tahlilchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Tadbirning maqsadi: Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida Oʼzbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, mamlakatimiz, balki mintaqadagi boshqa davlatlar hamda global taraqqiyot uchun ahamiyati toʼgʼrisida fikr almashish, tegishli amaliy tavsiya va takliflar ishlab chiqish.

    Mazkur davra suhbati nafaqat ilmiy-amaliy muloqot, balki Oʼzbekistonning intellektual va maʼnaviy taraqqiyot modeliga xalqaro qiziqish ortib borayotganining yaqqol dalilidir. Pokistonlik ekspertlar Yangi Oʼzbekiston fenomeni, uning siyosiy falsafasi, maqsad va vazifalari, erishilgan natijalar hamda jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini yuqori baholadilar.

    Xorijiy mutaxassislar taʼkidlaganidek, yozuvchi Muhammad Аbbos Xonning “Oʼzbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot kontsepti” asariga Pokiston Bosh vaziri M. Sh. Sharif tomonidan soʼzboshi yozilgani ushbu gʼoyaga berilgan yuksak xalqaro eʼtirof ifodasidir. Аsarda Oʼzbekistonda boshlangan Uchinchi Renessans jarayonlari buyuk ajdodlar merosiga tayangan holda, nafaqat mamlakat, balki butun insoniyatning farovon kelajagiga xizmat qilishi alohida taʼkidlangani qayd etildi. Bu esa, Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy va ijtimoiy islohotlar xalqaro miqyosda ham qiziqish uygʼotayotganini koʼrsatadi.

    Pokistonlik mutaxassislarning fikricha, Uchinchi Renessans gʼoyasi zamirida taʼlim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va maʼrifat rivojiga qaratilgan strategik yondashuv yotadi. Bu — shunchaki shior emas, balki jamiyatni intellektual yuksalish orqali taraqqiyotga olib chiqishga qaratilgan tizimli siyosatdir.

    Pokistondagi nufuzli “Ittehad” media guruhi direktori Tohir Faruqning baholashicha, Yangi Oʼzbekiston meʼmori – Shavkat Mirziyoev olib borayotgan siyosat Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari oʼrtasidagi ishonch makonini kengaytirishga xizmat qilayotganini hayotiy misollar orqali asoslab berdi.

    Kanadaning York universiteti professori, “yashil” energetika boʼyicha ekspert Tanvir Аhmad Oʼzbekiston Prezidenti tomonidan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish rejasi innovatsiyalar, ayniqsa, “yashil” energiya sohasida asosiy rolь oʼynayotganligini taʼkidlab oʼtdi.

    “Yangi Oʼzbekistonning 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish boʼyicha ulkan maqsadini hisobga olgan holda, Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasidagi ushbu sohadagi hamkorlik juda jadal rivojlanyotgani diqqatga sazovor”, deb taʼkidladi kanadalik ekspert.

    Tanvir Аhmad soʼzining yakunida Pokiston Oʼzbekistonga kelajakni birgalikda va muvaffaqiyatli qurish rejalarini bogʼlaydigan eng ishonchli hamkorlardan biri sifatida qarashiga alohida urgʼu berib oʼtdi.

    Pokistonlik yosh ekspert Muizza Аbbos, shuningdek, soʼnggi yillarda Oʼzbekiston Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bogʼliq sezilarli yutuqlarga erishganini taʼkidladi. U Pokiston yoshlari Oʼzbekistonda roʼy berayotgan ijobiy oʼzgarishlarni samimiy qiziqish bilan kuzatib borayotganligini eʼtirof etib oʼtdi.

    Davra suhbati ikki mamlakat oʼrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʼtarilayotganini yaqqol koʼrsatdi. Iqtisodiy va savdo aloqalari anʼanaviy yoʼnalish hisoblansa, bu muloqot maʼnaviy-maʼrifiy va intellektual hamkorlikni mustahkamlash jihatidan alohida ahamiyat kasb etadi.

    Pokistonlik olim va tahlilchilarning Oʼzbekistondagi islohotlarga katta qiziqish bildirishi, bu haqda asarlar yozilishi va ilmiy muhokamalar oʼtkazilishi — ikki davlat oʼrtasida ilmiy va madaniy muloqot doirasi tobora kengayib borayotganini anglatadi.

    Bunday muloqotlar nafaqat fikr almashish, balki xalqlar oʼrtasida ishonch, oʼzaro hurmat va umumiy taraqqiyot gʼoyalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Uchinchi Renessans gʼoyasi esa milliy chegaralardan chiqib, xalqaro maʼrifiy muloqot mavzusiga aylanayotgani bilan ahamiyatlidir.

Matbuot xizmati