Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Urbanizatsiya va barqaror taraqqiyot: shaharsozlikda nimalar muhim?

09-11-2026 148

    Bugungi kunda O‘zbekistonda urbanizatsiya jarayonlari jadallashib, shaharlar qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda.Yangi turar joy majmualari, zamonaviy infratuzilma ob’ektlari va transport tarmoqlarining barpo etilishi aholi uchun qulay yashash muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, shaharlarning kengayishi transport tirbandligi, muhandislik tarmoqlariga ortib borayotgan yuklama, ekologik barqarorlik va ijtimoiy infratuzilmadan samarali foydalanish kabi masalalarga yangicha yondashuvni taqozo etmoqda.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) doirasida belgilangan 11-maqsad – shaharlar va aholi punktlarining ochiqligi, xavfsizligi, barqarorligi hamda ekologik chidamliligini ta’minlash aynan shu vazifalar bilan chambarchas bog‘liq.

    Xo‘sh, mamlakatimizda shaharlarni barqaror rivojlantirishda qaysi yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat qaratish lozim? Transport muammolarini hal etish, hududlar o‘rtasida iqtisodiy imkoniyatlarni mutanosib taqsimlash va iqlim o‘zgarishiga moslashgan shahar muhitini shakllantirishning qanday samarali mehanizmlari mavjud?

    Ushbu savollar yuzasidan Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Muslim Ergashboyev bilan suhbatlashdik.

    – Yurtimizda shaharlar jadal rivojlanmoqda. Sizningcha, BRMning 11-maqsadiga erishishda qaysi masalalarga ustuvor ahamiyat qaratish lozim?

    – Avvalo, ta’kidlash kerakki, shaharlarning rivojlanish darajasini faqat qurilgan uy-joylar, yo‘llar yoki ijtimoiy ob’ektlar soni bilan baholash etarli emas. Asosiy masala — ularning o‘zaro bog‘liqligi va mavjud infratuzilmadan qanchalik samarali foydalanilayotganidir. Masalan, yangi turar joy majmuasi qurilishi aholi sonining ortishiga, bu esa maktablar, tibbiyot muassasalari, jamoat transporti va muhandislik tarmoqlariga qo‘shimcha yuklama tushishiga olib keladi.

    Agar ushbu ehtiyojlar oldindan hisobga olinmasa, qurilish ko‘lamining kengayishi aholi uchun yangi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois, yirik loyihalarni rejalashtirishda mavjud infratuzilmaning quvvati, kelgusidagi aholi soni va qo‘shimcha hızmatlarga bo‘lgan talab birgalikda baholanishi lozim.

    Yana bir masala – shahar infratuzilmasi ko‘pincha ma’muriy chegaralardan tashqarida ham aholiga hızmat ko‘rsatadi. Bir hududda qurilgan yo‘l, transport tarmog‘i yoki suv ta’minoti ob’ektidan qo‘shni hudud aholisi ham foydalanishi mumkin. Biroq uni barpo etish va saqlash xarajatlari aksar hollarda muayyan mahalliy me’yoriy byudjet zimmaga tushadi.

    Shu nuqtai nazardan, hududlararo infratuzilmani birgalikda moliyalashtirish mehanizmlarini takomillashtirish lozim. Qo‘shni shahar va tumanlar umumiy foydalaniladigan ob’ektlar bo‘yicha investitsiya kelishuvlarini tuzib,xarajatlarni aholi soni, infratuzilmadan foydalanish ko‘lami va moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqib taqsimlashi mumkin. Bu ayniqsa, jamoat transporti, suv ta’minoti, oqova suvlarni tozalash va chiqindilarni qayta ishlash sohalarida samarali natija beradi.

    – Yirik shaharlarda transport tirbandligini kamaytirishning qanday amaliy yo‘llari bor, deb o‘ylaysiz?

    – Transport tirbandligini faqat avtomobil yo‘llarini kengaytirish orqali bartaraf etib bo‘lmaydi, albatta. Avvalo,transport oqimlarini yuzaga keltirayotgan iqtisodiy omillarni ham o‘rganish kerak. Xususan, yirik ulgurji savdo ob’ektlari va omborxonalarning aholi zich yashaydigan hududlarda joylashishi avtomobillar harakatini ko‘paytiradi. Shu sababli, avtomobil magistrallari va temir yo‘l yuk stantsiyalariga yaqin hududlarda zamonaviy savdo-logistika markazlarini rivojlantirish mumkin.

    Bunday markazlarda mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, saralash va etkazib berish jarayonlarini birishtirish orqali shahar ichidagi ortiqcha yuk tashish harakatini kamaytirishga erishiladi. Elektron savdo platformalari va avtomatlashtirilgan ombor tizimlari esa meva va tovar aylanmasini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

    Ikkinchi yo‘nalish – jamoat transportining turli tarmoqlarini yagona tizim sifatida rivojlantirish. Masalan,shaharga kirish yo‘llarida avtomobillarni qoldirib, jamoat transportiga o‘tish imkonini beruvchi transport almashish nuqtalarini tashkil etish ham tirbandlikni kamaytirishga xizmat qiladi.

    Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida transport oqimini tahlil qilish, svetoforlarni yo‘llarning haqiqiy bandlik darajasiga qarab boshqarish va jamoat transportiga harakatda ustuvorlik berish imkoniyatlarini kengaytirish lozim. Bunda asosiy mezon yo‘llarning o‘tkazuvchanligi emas, balki aholining kundalik qatnovga sarflaydigan vaqti qisqarishi kerak.

    – Shaharlarda bolalar xavfsizligini ta’minlash borasida qanday takliflaringiz bor?

    – Shahar muhitining xavfsizligi, avvalo, bolalar, keksalar va harakatlanish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlarda namoyon bo‘ladi. Masalan, maktab oldida piyodalar o‘tish joyining mavjudligi bolaning uyidan maktabgacha bo‘lgan butun yo‘l xavfsizligini anglatmaydi. Bu yo‘nalishda piyodalar yo‘lakchasining uzluksizligi, ko‘chalarning yoritilishi, transport tezligi va xavfli chorrahalar holati birgalikda baholanishi kerak.

    Ayrim hududlarda darslar boshlanishi va tugashi vaqtida maktablar atrofida avtomobil harakatini vaqtincha cheklash, bolalarni xavfsiz tushirish va olib ketish joylarini tashkil etish, piyodalar uchun himoyalangan yo‘laklar barpo etish mumkin. Bunday echimlar maktab atrofidagi alohida ob’ektni emas, balki bolalarning kundalik qatnov yo‘nalishini to‘liq qamrab mezon bo‘lishi lozim.

    Bu borada raqamli modellashtirish texnologiyalaridan kengroq foydalanish mumkin. Masalan, yangi yo‘l,maktab yoki turar joy majmuasi qurilishidan oldin uning transport harakati, piyodalar xavfsizligi va ijtimoiy infratuzilmaga ta’sirini kompyuter modeli orqali baholash mumkin. Shaharning raqamli modelida aholi zichligi,transport oqimlari, xavfli chorrahalar va maktablarga qatnov yo‘nalishlari aks ettirilsa, turli echimlarni amalga oshirishdan avval ularning ehtimoliy natijalarini solishtirish imkoni paydo bo‘ladi.

    Masalan, muayyan ko‘chada avtomobil harakati cheklanganda transport oqimi qaysi yo‘nalishlarga taqsimlanishi yoki yangi turar joy qurilishi yaqin atrofdagi maktablar faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatishini oldindan hisoblash mumkin. Raqamli modellardan kuchli yog‘ingarchilik oqibatlarini baholash, evakuatsiya yo‘nalishlarini belgilash va tezkor hızmatlar harakatini rejalashtirishda ham foydalansa bo‘ladi.

    – Poytaxtda ta’lim va iqtisodiy imkoniyatlarning jamlanishi hududlar rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

    – Iqtisodiy va ilmiy faoliyatning yirik shaharlarda jamlanishi tabiiy jarayon. Biroq ta’lim muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari va yuqori malakali ish o‘rinlarining asosan poytaxtda to‘planishi uy-joy hamda transport infratuzilmasiga qo‘shimcha bosim keltirib chiqaradi. 2025-2026 o‘quv yili boshida mamlakatimizda faoliyat yuritgan 215 ta oliy ta’lim tashkilotining 98 tasi Toshkent shahrida joylashgan. Bu ko‘rsatkich hududlarda ta’lim va ilmiy-tadqiqot imkoniyatlarini yanada kengaytirish zarurligini ko‘rsatadi.

    Fikrimcha, buning uchun ta’lim va sanoat siyosatini o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirish kerak. Masalan,to‘qimachilik sanoati rivojlangan vodiylarda sohaga ihtisoslashgan ta’lim va tadqiqot imkoniyatlarini kengaytirish, Navoiyda muhandislik va sanoat texnologiyalari, Qashqadaryoda energetika hamda agrosanoat yo‘nalishlarini kuchaytirish mumkin.

    Oliy ta’lim muassasalari va korxonalar o‘rtasida qo‘shma laboratoriyalar, amaliy tayyorgarlik dasturlari hamda ilmiy loyihalarni tashkil etish maqsadga muvofiq. Shuningdek, ayrim ishlab chiqarish, logistika va hızmat ko‘rsatish faoliyatini iqtisodiy salohiyati yuqori bo‘lgan hududlarda joylashtirishni rag‘batlantirish lozim. Bu jarayonda muhandislik tarmoqlariga ulanish, soliq engilliklari va mutaxassislarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini birgalikda ko‘rib chiqish lozim.

    Asosiy masala Toshkentning iqtisodiy mavqei yoki poytaxtda yashash imkoniyatlarini cheklash emas, balki boshqa shaharlarda ham sifatli ta’lim, munosib ish o‘rinlari va iqtisodiy o‘sish uchun sharoit yaratishdir.

    Hududlarni rivojlantirishda esa ularning iqtisodiy ihtisoslashuvi, tabiiy sharoiti va mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqish kerak. Farg‘ona vodiysida sanoat korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyani kuchaytirish, yuk tashish yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish va energetika infratuzilmasini ishlab chiqarish ehtiyojlariga mos rivojlantirish dolzarb.

    Samarqand va Buxoroda esa turistik infratuzilmani takomillashtirish bilan birga, tarixiy-madaniy merosni muhofaza qilish, transport harakatini tartibga solish va tarixiy shahar muhitini asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Bunday yondashuv har bir shaharning iqtisodiy salohiyatidan to‘liqroq foydalanish imkonini beradi.

    – Iqlim o‘zgarishi sharoitida shahar infratuzilmasini qanday takomillashtirish mumkin?

    – O‘lkamizning tabiiy iqlim sharoiti shaharsozlikda o‘ziga xos echimlarni talab etadi. Ayniqsa, yoz jaziramasi,ba’zi hududlarda suv resurslarining cheklanganligi va kuchli yog‘ingarchilik oqibatlarini hisobga olish muhim.Bu boradagi yo‘nalishlardan biri – yog‘in suvlaridan oqilona foydalanish.

    Piyodalar yo‘laklari va avtoturargohlarda suv o‘tkazuvchan qoplamalardan, jamoat hududlarida esa yog‘in suvini vaqtincha ushlab qoluvchi maxsus landshaft maydonlaridan foydalanish mumkin. Bunday echimlar suvni oqizish tarmoqlariga tushadigan yuklamani kamaytirish bilan birga, tuproqda namlik saqlanishiga ham xizmat qiladi.

    Shahar muhitini tabiiy sovitish ham istiqbolli yo‘nalishlardan biridir. Buning uchun alohida yashil hududlar barpo etish bilan cheklanmay, ularni piyodalar yo‘laklari, suv ob’ektlari va soyali jamoat makonlari orqali o‘zaro bog‘lash lozim. Shahar kanallari atrofida piyodalar uchun qulay hududlarni rivojlantirish, yirik avtomobil yo‘llari bo‘ylab daraht va butalardan iborat ko‘p qatlamli yashil himoya maydonlarini shakllantirish, ayrim muhandislik inshootlarida vertikal ko‘kalamzorlashtirish texnologiyalarini qo‘llash mumkin.

    Shuningdek, zamonaviy qurilishda an’anaviy me’morchilikning iqlimga moslashgan echimlaridan, jumladan,soyali ichki hovlilar, ayvonlar va tabiiy havo almashinuvini ta’minlovchi konstruktsiyalardan foydalanish energiya sarfini kamaytirishga yordam beradi. Albatta, bunday texnologiyalar mahalliy iqlim, suv sarfi va tehnik hızmat ko‘rsatish xarajatlari hisobga olingan holda tatbiq etilishi kerak.

    Umuman, BRMning 11-maqsadiga erishish uchun shaharlarni iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jarayonlar o‘zaro bog‘langan yaxlit tizim sifatida boshqarish talab etiladi. Bunda qurilish ko‘lami emas, balki transport qulayligi,infratuzilma ishonchliligi, aholi xavfsizligi va iqtisodiy imkoniyatlarning kengayishi asosiy mezon bo‘lishi lozim.

    Manba: https://uza.uz/uz/posts/urbanizaciya-va-barqaror-taraqqiyot-shaharsozlikda-nimalar-muhim_934063