Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Urganch davlat universitetida «Mintaqa iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari» mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi

06-11-2026 304

    2026-yil 6-noyabr kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyati boʻlinmasi hamkorligida «Mintaqa iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari» mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.

    Anjuman mintaqaviy taraqqiyotni ilmiy asoslash, hududlar iqtisodiyotidagi tarkibiy oʻzgarishlarning nazariy-metodologik va amaliy jihatlarini muhokama qilishga qaratildi. Xususan, innovatsion rivojlanish, raqamli transformatsiya, inson kapitali, «yashil iqtisodiyot» hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samaradorligi kabi ustuvor yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratildi.

    Tadbir universitet rektori, professor F.R. Madraximovaning mintaqaviy iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalariga bagʻishlangan maʼruzasi bilan ochildi. Yalpi majlis va 5 ta shoʻba doirasida respublika oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarining yetakchi olimlari, amaliyotchi mutaxassislar va yosh izlanuvchilar oʻz tadqiqot natijalari bilan ishtirok etdilar.

    Muhokamalar jarayonida hududlarni kompleks rivojlantirish, kichik innovatsion korxonalarni qoʻllab-quvvatlash,investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash hamda logistika infratuzilmasini takomillashtirish boʻyicha ilmiy yondashuvlar tahlil qilindi. Shuningdek, Xorazm viloyatida sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish, turistik xizmatlar klasteri salohiyatini baholash va inson kapitalidan samarali foydalanish orqali mintaqalarning iqtisodiy konvergensiyasini taʼminlash masalalari atroflicha yoritildi.

    Anjuman yakunida ishlab chiqilgan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar hududlarning raqobatbardoshligini oshirish, iqtisodiy oʻsish surʼatlarini barqarorlashtirish hamda aholi farovonligini yuksaltirishga xизмат qilishi taʼkidlandi.