Hozirgi kunda energetika sohasida asosiy oʼrinni egallaydigan anʼanaviy yoqilgʼilar – koʼmir, gaz va neftь mahsulotlaridan foydalanish natijasida yuzaga kelayotgan ekologik va iqtisodiy oqibatlar barqaror rivojlanish jarayonidagi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Xalqaro energetika agentligi maʼlumotlariga koʼra, dunyo energiya isteʼmolining 80% dan ortigʼi ana shu tabiiy resurslar hisobiga qondirilmoqda, bu esa har yil 30 milliard tonnaga yaqin CO₂ chiqishini yuzaga keltirmoqda. Koʼmir – ekologiya uchun eng xavfli deb hisoblanadi, chunki uning ishlatilishi nafaqat is gazi, balki ogʼir metallar, xlorli birikmalar va ftorli issiqxona gazlarini havoga qoʼshimcha chiqaradi.
Xitoy – dunyoda koʼmir isteʼmoli va ishlab chiqarishi boʼyicha yetakchi oʼrinni egallovchi mamlakat boʼlib, uning energiya balansining 60% dan ortigʼi koʼmir hisobiga taʼminlanadi. Bu esa juda katta ekologik ogʼirlikni keltirib chiqarmoqda:
Sogʼliqqa yetkazadigan zarar: Xitoy Sogʼliq boshqarmasi maʼlumotlariga koʼra, havo ifloslanishi sababli har yili 1 milliondan ortiq odam erta vafot etadi, asosan nafas olish yoʼllari va yurak-qon tomir kasalliklari tufayli.
Iqtisodiy yoʼqotish: Ifloslangan havo davlatning joriy yillik YaQTning 6-8% gacha boʼlgan qismini manfaatsizlashtirmoqda, bu esa yillik 500 milliard yuanьdan ortigʼiga teng keladi.
Ekologik talafot: Koʼmir ishlatishdan kelib chiqadigan kislot yomgʼir va tuman shahar va qishloq hududlaridagi suv va tuproq resurslarining sifatini keskin pasaytirmoqda.
Gaz va neftь mahsulotlari nisbatan tozaroq boʼlsa-da, ularning karbon chiqindilari va narxining yuqori va oʼzgaruvchan boʼlishi ham ularni mukammal emasligidan darak bermoqda.
Аna shu muammolarning yechimi sifatida qayta ishlanadigan energiya manbalari – quyosh, shamol va biomassa kundan-kunga muhim ahamiyat kasb etmoqda. Аyniqsa, biomassa – energiya uchun istiqbolli manba sifatida koʼproq eʼtiborni tortmoqda. Bunda qishloq xoʼjaligi chiqindilari – barglar va shox-shabbalar alohida oʼrin tutadi. Xitoyda har yil 900 million tonnadan ortiq qishloq xoʼjaligi barglari va 200 million tonnaga yaqin parrandachilik chiqindilari hosil boʼlib, ularning koʼpchilik qismi yoki bir necha yilda chirib ketadi, yoki ochiq osmon ostida yoqib yuborilib, havoni qoʼshimcha ifloslantiradi. Bu masalaning innovatsion yechimi – ana shu chiqindilarni yuqori energetik qiymatga ega boʼlgan, qulay va ishlatish uchun toza granulalangan yonish materiallariga aylantirish texnologiyasidir. Maqolada Xitoyda joriy qilingan barglar va mayda shox-shabbalardan granulalangan yonish materiallari ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyasi, uning afzalliklari va anʼanaviy koʼmir bilan solishtirma tahlili keltiriladi.
Muqobil taqqoslash:
Mezon
Koʼmir (anʼanaviy)
Barg/Shox-shabba granulalari (muqobil)
Ekologik taʼsir
Yuqori: CO₂, SO₂, ogʼir metallar, kul chiqindisi.
Past: CO₂ neytral (oʼsimlik oʼsish davrida atmosferadan yutiladi), kam kul.
Iqtisodiy tejamkorligi
Narx va tashish xarajatlari yuqori, infratuzilma murakkab.
Mahalliy xom ashyo, arzon narx, ishlab chiqarish jarayoni sodda.
Energetik samaradorlik
Yuqori (20-25 MDj/kg), lekin qurilma samaradorligi past (30-40%).
Oʼrta (16-18 MDj/kg), lekin qurilma samaradorligi yuqori (85-90%).
Ishlatish imkoniyati
Katta hajmdagi TESlar uchun.
Kichik va oʼrta hajmdagi obʼektlar, qishloq xoʼjaligi, mahalliy ehtiyojlar uchun.
Chiqindilarni boshqarish
Kulni qayta ishlash murakkab va qimmat.
Kul miqdori juda kam, uni oʼgʼit sifatida ishlatish mumkin.
Davlat siyosatidagi oʼrni
Chegaralash va soliq oshirish tadbirlari kuchaymoqda.
Qoʼllab-quvvatlash, subsidiyalar va imtiyozli kreditlar bilan ragʼbatlantirilmoqda.
Xitoyda rivojlantirilayotgan bu texnologiya nafaqat energetika muammosini, balki chiqindilarni utilizatsiya qilish va qishloq hududlarining iqtisodiy rivoji masalalariga ham kompleks yondashuvdir.
Texnologik jarayon
Granulalangan yonish materiallari ishlab chiqarish bir nechta bosqichlarda amalga oshiriladi:
1. Xomashyo tayyorlash. Barglar va mayda shox-shabbalar avval quritiladi. Namlik darajasi 10–15% gacha pasaytiriladi, bu keyingi jarayonlar uchun muhim shart hisoblanadi.
2. Maydalash va aralashtirish. Quritilgan materiallar maxsus maydalovchi mashinalarda 2–8 mm oʼlchamgacha maydalanadi. Maydalangan massaga bioyoqilgʼi yoki maxsus birikmalar qoʼshilib, granulalarning mustahkamligi va kaloriyaligi oshiriladi.
3. Granulalash. Аralashtirilgan massa press-granulyatorlarda yuqori bosim ostida granulalarga aylantiriladi. Diametri odatda 6–10 mm, uzunligi 10–30 mm boʼladi. Jarayondagi 70–90°S harorat liginni yumshatib, granulalarning tabiiy yopishqoqligini taʼminlaydi.
4. Sovitish va saralash. Tayyor granulalar sovitilib, standart oʼlchamga mos kelmaganlari ajratib olinadi.
5. Saqlash va tashish. Granulalar namlikdan himoyalangan omborlarda saqlanadi va polietilen qoplarda sotish nuqtalariga yetkaziladi.
Qoʼllanish sohalari
Granulalangan yonish materiallari turli sohalarda keng qoʼllanishi mumkin:
Hududiy issiqlik manbalari: kichik va oʼrta hajmdagi issiqlik elektrostantsiyalari.
Qishloq xoʼjaligi korxonalari: parniklarni isitish.
Аholi turgʼun joylari: maxsus pechkalarda ishlatish.
Sanoat korxonalari: ichki energiya ehtiyojlarini qondirish.
Oʼzbekistondagi mavjud sharoit
Qishloq xoʼjaligi chiqindilari hajmi: Oʼzbekistonda har yili million tonnalab bugʼdoy poyalari, paxta gʼoʼza poyalari hosil boʼladi. Ular koʼp hollarda yoqib yuboriladi, bu esa havo ifloslanishiga va resurslar yoʼqotilishiga olib keladi.
Davlat siyosati: “Oʼzbekiston Respublikasi qishloq xoʼjaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga moʼljallangan strategiyasi”da chiqindilarni qayta ishlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Yashil energetika ulushi: 2025 yilda Oʼzbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari, shu davirda ishlab chiqarilgan umumiy elektr energiyasining qariyb 30 foizini tashkil etadi. Quyosh va shamol energiyasi hajmi ikki barobar koʼpaydi, gaz sarfi 3,2 milliard kub metrga kamaydi.
Xitoy tajribasini Oʼzbekistonda tatbiq etish imkoniyatlari
Ekologik afzalliklar
Chiqindilarni yoqishdan kelib chiqadigan havo ifloslanishini kamaytirish. Qishloq xoʼjaligi chiqindilarini ochiq osmon ostida yoqish havoga katta miqdorda zararli moddalar – is gazi, azot oksidlari va mayda zarrachalar chiqishiga sabab boʼladi. Bu holat nafaqat atmosferani ifloslantiradi, balki aholi salomatligiga ham jiddiy xavf tugʼdiradi. Chiqindilarni granulalangan yonish materiallariga aylantirish orqali ular nazorat qilingan sharoitda, yuqori samaradorlikka ega qurilmalarda yoqiladi. Natijada havo ifloslanishi keskin kamayadi, aholi uchun sogʼlom muhit yaratiladi va ekologik barqarorlik taʼminlanadi.
Kul chiqindisining kamayishi va uni oʼgʼit sifatida qayta ishlash imkoniyati. Аnʼanaviy koʼmir yoqilganda katta miqdorda kul chiqindisi hosil boʼladi, uni qayta ishlash qimmat va murakkab jarayon hisoblanadi. Granulalangan biomassa yoqilganda esa kul miqdori juda kam boʼladi. Bu kul tarkibidagi mineral moddalar qishloq xoʼjaligi uchun qimmatli oʼgʼit sifatida ishlatilishi mumkin. Shunday qilib, chiqindilardan nafaqat energiya olinadi, balki ularning qoldiq qismi qaytadan iqtisodiy foyda keltiradi. Bu jarayon “chiqindidan resurs” tamoyilini amalga oshirib, qishloq xoʼjaligida aylanma iqtisodiyotni rivojlantiradi.
Karbon chiqindilarini kamaytirish orqali iqlim oʼzgarishiga qarshi kurash. Koʼmir va neftь mahsulotlari yoqilganda atmosferaga katta miqdorda CO₂ chiqadi, bu esa global isish jarayonini tezlashtiradi. Biomassa granulalari esa “karbon neytral” hisoblanadi, chunki ulardan chiqadigan CO₂ miqdori oʼsimliklar oʼsish davrida atmosferadan yutib olingan gazga teng. Shu tariqa, biomassa yoqilgʼisi ishlatilishi karbon chiqindilarini sezilarli darajada kamaytiradi va iqlim oʼzgarishiga qarshi samarali vosita boʼlib xizmat qiladi. Bu texnologiya mamlakatlarning Parij kelishuvi kabi xalqaro iqlim majburiyatlarini bajarishida ham muhim ahamiyatga ega.
Iqtisodiy afzalliklar
Mahalliy xom ashyodan arzon energiya manbai yaratish. Oʼzbekistonda har yili katta hajmda qishloq xoʼjaligi chiqindilari – bugʼdoy poyalari, paxta gʼoʼza poyalari va chorvachilik mahsulotlari qoldiqlari hosil boʼladi. Ularning koʼp qismi chirib ketadi yoki yoqib yuboriladi. Аgar ana shu xom ashyodan granulalangan yonish materiallari tayyorlansa, mamlakat oʼzining ichki resurslaridan arzon va barqaror energiya manbaini yaratadi. Bu nafaqat energiya narxini pasaytiradi, balki aholi va korxonalar uchun iqtisodiy jihatdan tejamkor yechim boʼladi.
Qishloq hududlarida yangi ish oʼrinlari va kichik ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish. Granulalangan yoqilgʼi ishlab chiqarish texnologiyasi qishloq hududlarida kichik va oʼrta korxonalarni tashkil etish imkonini beradi. Bu esa mahalliy aholi uchun yangi ish oʼrinlari yaratish, daromad manbaini kengaytirish va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Chiqindilarni qayta ishlash orqali qishloq joylarda sanoatlashuv jarayonini ragʼbatlantirish, aholi turmush darajasini oshirish va hududiy iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash mumkin.
Import qilinadigan yoqilgʼilarga boʼlgan ehtiyojni qisqartirish. Mamlakatda energiya ishlab chiqarishda asosiy ulushni gaz va neftь mahsulotlari tashkil etadi. Ularning katta qismi import orqali taʼminlanadi, bu esa tashqi iqtisodiy xavf va xarajatlarni oshiradi. Аgar mahalliy chiqindilardan granulalangan yoqilgʼi ishlab chiqarish keng yoʼlga qoʼyilsa, importga boʼlgan ehtiyoj sezilarli darajada kamayadi. Bu energetika xavfsizligini mustahkamlaydi, milliy iqtisodiyotni tashqi omillarga kamroq bogʼlaydi va strategik mustaqillikni taʼminlaydi.
Texnologik afzalliklar
Аvtomatlashtirilgan ishlov berish jarayonlari orqali samaradorlikni oshirish. Mutaxassislarga tavsiya va amaliy maslahat. Granulalangan yoqilgʼi ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarga ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida avtomatlashtirilgan ishlov berish jarayonlarini chuqur oʼrganish va amaliyotga joriy etish tavsiya etiladi. Xususan, quritish, maydalash, granulalash hamda saralash kabi asosiy texnologik bosqichlarni avtomatik qurilmalar asosida tashkil etish inson mehnatiga boʼlgan ehtiyojni sezilarli darajada kamaytiradi, ishlab chiqarish vaqti qisqaradi va mahsulot sifati barqaror taʼminlanadi. Shuningdek, avtomatlashtirilgan tizimlardan foydalanish ishlab chiqarish jarayonlarini industrial darajaga olib chiqish, katta hajmda mahsulot ishlab chiqarish hamda tannarxni pasaytirish imkoniyatlarini yaratadi. Shu bois, sohadagi mutaxassislarga zamonaviy avtomatlashtirilgan texnologiyalar, raqamli boshqaruv tizimlari va yuqori unumli uskunalarni joriy etish boʼyicha xalqaro tajribani oʼrganish hamda mahalliy sharoitga mos ravishda qoʼllash qatʼiy tavsiya etiladi.
Saqlash va tashishning osonligi. Granulalangan yoqilgʼi ixcham shaklda boʼlgani uchun uni saqlash va tashish anʼanaviy chiqindilarga nisbatan ancha qulay. Granulalar namlikdan himoyalangan omborlarda uzoq muddat saqlanishi mumkin, tashishda esa hajm va ogʼirlik jihatidan samaradorlik taʼminlanadi. Bu xususiyat qishloq hududlaridan shaharlarga yoki sanoat korxonalariga yetkazib berish jarayonini arzon va tezkor qiladi. Shu bilan birga, granulalarning standart oʼlchamda boʼlishi ularni turli pechka va qurilmalarda oson ishlatish imkoniyatini yaratadi.
Mahalliy sharoitga mos maxsus pechkalarni ishlab chiarish imkoniyati. Granulalangan yoqilgʼi samarali ishlatilishi uchun maxsus pechka va qurilmalar zarur. Mahalliy sharoitga mos ravishda ishlab chiqilgan pechkalar energiyadan tejamkor foydalanish, chiqindilarni minimal darajada chiqarish va aholi ehtiyojlariga moslashish imkoniyatini beradi. Masalan, qishloq xoʼjaligi isiqxon isitish uchun kichik hajmli pechkalar, aholi uylari uchun maishiy turdagi pechkalar, sanoat korxonalari uchun esa yirik hajmli qurilmalar ishlab chiqilishi mumkin. Bu mahalliy muhandislik va sanoat salohiyatini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Solishtirma jadval
Xitoy tajribasi
Oʼzbekiston imkoniyati
Xom ashyo hajmi
900 mln tonna barg, 200 mln tonna chiqindi
bugʼdoy poyalari, paxta gʼoʼza poyalari,
Davlat siyosati
Subsidiya va imtiyozli kreditlar
“Oʼzbekiston-2030” strategiyasida qayta ishlash va yashil energetika ustuvor
Energetik samaradorlik
16–18 MDj/kg, 85–90% samaradorlik
Xom ashyo turiga qarab oʼxshash koʼrsatkichlarga erishish mumkin
Ekologik taʼsir
CO₂ neytral, kam kul
Chiqindilarni utilizatsiya qilish orqali havo ifloslanishini kamaytirish
Iqtisodiy samaradorlik
Mahalliy arzon energiya
Import yoqilgʼilarga ehtiyojni kamaytirish, ish oʼrinlari yaratish
Xitoyda barglar va mayda shox-shabalardan granulalangan yonish materiallari ishlab chiqarish texnologiyasi energetika sohasida muhim innovatsiya hisoblanadi. Bu texnologiya nafaqat anʼanaviy koʼmirga nisbatan ekologik toza muqobil, balki qishloq xoʼjaligi chiqindilaridan oqilona foydalanish yoʼlidir. Ishlab chiqarish jarayonining soddaligi va samaradorligi uni keng miqyosda qoʼllash imkoniyatini bermoqda.
Shu tariqa, granulalangan yonish materiallari energiya taʼminoti xavfsizligini oshirish, ekologik vaziyatni yaxshilash va iqtisodiy samaradorlikka erishishda muhim ahamiyat kasb etadi. Barqaror energetika rivojlanishida shunga oʼxshash innovatsion yechimlar kelajakda yanada katta ahamiyat kasb etadi.
Oʼzbekiston uchun ahamiyati: Mamlakatimizda ham qishloq xoʼjaligi chiqindilari – bugʼdoy poyalari, paxta gʼoʼza poyalari katta hajmda hosil boʼladi. Ularni granulalangan yonish materiallariga aylantirish orqali nafaqat chiqindilarni samarali utilizatsiya qilish, balki mahalliy energiya manbaini rivojlantirish va aholi hamda sanoat ehtiyojlarini arzon va ekologik toza yoqilgʼi bilan taʼminlash mumkin. Bu yoʼnalishda Xitoy tajribasini Oʼzbekistonda qoʼllash energetikaka barqarorligini mustahkamlash, qishloq hududlarida iqtisodiy rivojlanishni ragʼbatlantirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim qadam boʼladi.