Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

YANGI O‘ZBЕKISTONDA YOSHLAR SALOHIYATI - BARQAROR TARAQQIYOT STRATЕGIK OMILI

11-03-2026 390

    So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati barqaror taraqqiyot tamoyillari bilan uyg‘un holda tizimli ravishda rivojlanib bormoqda. Davlat rahbarining yoshlar bilan ochiq muloqoti ushbu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalar, erishilgan natijalar hamda yangi imkoniyatlarni yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Mamlakat bo‘ylab 60 mingdan ortiq yoshlarning bevosita ishtirok etgani yoshlar masalasi davlat taraqqiyotining markaziy masalasiga aylanganini tasdiqlaydi.

    Bugungi kunda yurtimizda 22 milliondan ortiq yoshlar jamiyatning eng katta demografik qatlami, ayni paytda esa mamlakat kelajagini belgilab beruvchi strategik resurs sifatida namoyon bo‘lmoqda.

    Yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlar ta’lim, innovatsiya va raqobatbardoshlik sohalarida aniq va salmoqli natijalar bermoqda. Xususan, jahon fan olimpiadalarida qo‘lga kiritilgan 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medali milliy ta’lim tizimida sifat jihatidan yangi bosqichga chiqilganini ko‘rsatadi. Xalqaro ta’lim makonida 500 nafardan ortiq yoshlarning nufuzli universitetlarda, 3,5 mingdan ziyod yigit-qizlarning esa TOP-100 oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgani inson kapitali rivojida barqaror tendensiya shakllanayotganidan dalolat beradi.

    Innovatsion faollik va tadbirkorlik yo‘nalishlarida ham izchil o‘sish kuzatilmoqda. Milliy innovatsion ekotizim doirasida shakllangan 63 ta startap loyihasining xalqaro bozorlarga chiqqani yoshlarning global raqobat sharoitida o‘z o‘rnini topa olayotganini ko‘rsatadi. Ayni paytda yosh tadbirkorlar mamlakat biznes subyektlarining 35 foizini tashkil etishi iqtisodiyotda yangi avlod ishtiroki tobora kuchayib borayotganini anglatadi.

    Yoshlar bandligini ta’minlash barqaror iqtisodiy taraqqiyotning hal qiluvchi shartlaridan biri sifatida belgilangan. Har yili mehnat bozoriga 600 ming nafar yosh kirib kelayotgani, yaqin yillarda bu ko‘rsatkich 1 million nafarga yetishi prognoz qilinishi mazkur sohada keng ko‘lamli, tizimli chora-tadbirlarni taqozo etmoqda. Shu maqsadda yirik moliyaviy resurslar safarbar qilinib, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish mexanizmlari izchil kengaytirilmoqda. Qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ ajratilishi, kredit limitlarining oshirilishi va investitsiya imkoniyatlarining kengayishi yoshlarning iqtisodiy faolligini rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.

    Kasbiy ta’lim, biznes ko‘nikmalari va amaliyotga yo‘naltirilgan dasturlarning joriy etilishi mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan. “Dual ta’lim” tizimi, biznes-inkubatorlar hamda xalqaro ta’lim hamkorliklari yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Ijtimoiy faollik yo‘nalishida ham sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Volontyorlik harakatida ishtirok etayotgan yoshlar sonining 100 ming nafardan oshgani jamiyatda fuqarolik mas’uliyati, ijtimoiy hamjihatlik va tashabbuskorlik kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Davlat tomonidan yaratilayotgan grantlar va rag‘batlantirish mexanizmlari yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim omilga aylanmoqda.

    Yangi O‘zbekistonda yoshlar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar barqaror taraqqiyotning asosiy drayverlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ta’lim, innovatsiya, tadbirkorlik va ijtimoiy faollik sohalaridagi izchil o‘sish mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.